Qirg‘iziston Islomiy obligatsiyalarni amalga kiritmoqchi

  • 15 Август 2014
Image caption Dunyo bo‘ylab sukukka qiziqish ortib bormoqda

Qirg‘izistonda islomiy qimmatbaho qog‘ozlar - sukuk yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda moliyaviy bozorlarni nazorat va boshqarish davlat xizmati ma‘lum qilgan.

Sukuk qog‘ozlari qachon muomalaga kiritilishi ma‘lum qilinmagan.

Xuddi shu kabi ishga Sobiq Ittifoq davlatlari ichida birinchi bo‘lib Qozog‘iston bundan ikki yil oldin qo‘l urgandi. Biroq ushbu soha rivojlanmasdan qolib ketdi.

Qirg‘izistonda sukuk qog‘ozlarining yo‘lga qo‘yilishi haqida KirTAG agentligi Qirg‘iziston moliyaviy bozorlarni nazorat va boshqarish davlat xizmati rahbari Yuruslan Toychubekovga asoslanib xabar berdi.

Janob Toychubekov respublika valyuta bozorida qimmatbaho qog‘ozlarning ulushi ikki barobar o‘sib 10% tashkil qilayotganini aytgan. Keyingi rejalar sifatida esa Islomiy qimmatbaho qog‘ozlar - sukuklarni chiqarish yo‘lida ish olib borilayotganini bildirgan.

Davlat mas‘uli respublikada Islomiy qimmatbaho qog‘ozlarning rivojlanib ketishiga umid bildirgan. Unga ko‘ra ushbu qog‘ozlar arzon va xorijiy investorlar mo‘maygina pul bilan kelgani uchun Qirg‘iziston uchun ancha foydali bo‘lishi mumkin.

Mas‘ulning bildirishicha, sukuk egalari Islomda taqiqlangan foizni olishmaydi, balki daromaddan ulush olishadi.

Bungacha mintaqada Qozog‘iston mana shunday obligatsiya chiqargan edi.

Qozog‘iston 2012 yilda Malayziya hududida "Suku al Murabaha" islomiy obligatsiyalarini chiqargan va ushbu qog‘ozlarning 38 foizini qozog‘istonlik sarmoyadorlar sotib olgandi.

Biroq, Qozog‘iston qonunchiligi Islomiy moliyalashtirish talablariga javob bermagani va ushbu qimmatbaho qog‘ozlarning Qozog‘iston ichida moliyaviy tashkilotlar talablariga javob bermagani sabab ushbu amaliyot to‘xtatildi.

Bu ishni boshlab qo‘ygan Qozog‘iston Rivojlanish banki yaqin vaqt ichida ushbu obligatsiyalarni chiqarish rejalashtirilmaganini bildirdi.

Aftidan Qirg‘iziston ham Qozog‘iston duch kelgan muammoga ro‘paro kelishi mumkin. Sababi ikki davlat qonunchiligi Sovet an‘analari bo‘yicha ishlab chiqilgan va unda Islomiy oldi-berdi shartlari nazarda tutilmagan.

Ikkinchidan, sukuk obligatsiyalariga dunyoda qiziqish oshib borayotgani va ushbu moliyaviy sohada yildan yilga ko‘proq mablag‘ aylanayotgani va bunga hattoki g‘arbning Buyuk Britaniya singari yirik davlatlari ham qiziqish bildirayotgani inobatga olinsa, Qirg‘iziston ham ushbu ulushdan foydalanib qolishi va tizimni samarali ravishda yo‘lga qo‘yib olishi mumkin.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer