Ukraina chegarachilari Rossiyaning yordam karvonini tekshirmoqda

Image copyright Reuters

Ukraina chegarachilari va bojxona zobitlari mamlakat sharqiga Rossiyadan jo‘natilgan insonparvarlik yordamini tekshirishni boshlaganlar.

Tekshiruv, ukraina hukumati bildirishicha, Rossiyaning Rostov viloyatidagi "Donetsk" chegara nazorat nuqtasida olib borilmoqda.

Biroq, Rossiya insonparvarlik karvoni yonida bo‘lgan jurnalistlar hozircha hech qanday tekshiruv bo‘layotganiga guvoh bo‘lmadilar.

Juma kuni ertalab qator jurnalistlar, xususan BBC rus xizmatining muxbiri Yuriy Vendikni yuk mashinalari tarkibidagi jihozlarni tekshirishga taklif qilganlar.

"Man qilingan yuklar topilmadi. Jurnalistlar iltimosiga binoan, har qanday yuk ochib ko‘rildi", - deb yozdi Twitterda Yuriy Vendik.

Payshanba oqshomida Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa markazi vakili Andrey Lysenko agar ukrain chegarachilariga, Xalqaro Qizil xoch qo‘mitasi hamrohligida, yuklarni tekshirishga ruxsat berilmasa, karvon Ukraina hududiga kiritilmasligini aytdi.

Olinayotgan xabarlarga qaralsa, Ukrainaning bu sharti qondirilgan.

Ukraina davlat chegarasi ma‘lumotiga ko‘ra, yuklar Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti vakillari tomonidan hujjatlashtirilayapti, Xalqaro Qizil xoch qo‘mitasi esa barcha insonparvarlik yordamlarini qabul qilib oladi.

Lekin, Qizil xochning Ovro‘po va Markaziy Osiyo bo‘yicha rahbari Loran Korba Rossiya yuklarini hujjatlashtirish boshlanganidan bexabarligini aytmoqda.

Uning aytishicha, Qizil xoch qo‘mitasi Rossiyadan 262 yuk mashinadagi yuklar ro‘yxatini olgan, lekin har bir mashinada aynan qanday yuk borligini bilmaydi.

Ayni damda Ukraina harbiylari jumaga o‘tar kechasi "Izvarino" chegara nuqtasidan Rossiyaning harbiy karvoni Ukraina hududiga o‘tganini ma‘lum qildi.

"Razvedka tasdiqlashicha, BTR va harbiy "Ural" mashinalari chegarani kesib o‘tdi va vaqtincha yopiq bo‘lgan "Izvarino" chegara punktidan bizning mamlakatimiz hududiga o‘tdi. Razvedka bu harbiy texnikadagi raqamlar Rossiyaniki ekanini tasdiqlaydi", - deyiladi ukrain armiyasi bayonotida.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer