Toshkentda "Taxta bozor" ham yonib ketdi

Image caption "Taxta bozori" poytaxtdagi qurilish ishlari uchun muhim manbadir

Toshkent Xalqa avtomobil yo‘li bo‘yida joylashgan "Taxta bozor" yakshanbadan dushanbaga o‘tar kechasi mahalliy soat 02:24da yonib ketgan. Bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi o‘z saytida ma‘lum qildi.

Vazirlikning bildirishicha, "HELPING REALIZATSION" mas‘uliyati cheklangan jamiyat hududida joylashgan yog‘och materiallar bozorida olovdan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida yong‘in kelib chiqqan.

Rasmiy ma‘lumotda, shuningdek, hodisa joyiga yetib kelgan o‘t o‘chiruvchilar yong‘inni o‘chirishgani, insoniy talafotlar yoki jarohat olganlar yo‘qligi aytiladi.

Biroq, yong‘in oqibatida 300 kvadrat metr miqdorda taxta yonib ketgan. Hozirda yetkazilgan zarar ko‘lami aniqlanmoqda.

"Taxta bozor" Toshkent shahrining shimoli-g‘arbida, Toshkent viloyati hududida joylashgan.

O‘tgan bir hafta ichida bu Toshkent viloyati bozorlarida yuz bergan ilk yong‘in emas.

11 avgustdan 12 avgustga o‘tar kechasi Toshkent Xalqa yo‘li bo‘yida joylashgan yana bir bozor - "Chinni bozor"da ham yirik yong‘in chiqqan. Ichki ishlar vazirligi unda 20ta savdo nuqtasiga shikast yetkazilganini aytgan, ammo gazeta.uz saytiga ko‘ra, aslida bu son 150 atrofida bo‘lishi mumkin.

Sizning "Taxta bozori"da rastangiz bormi? Yoki unda savdo qiladigan tanish yo do‘stlaringiz bormi? Bo‘lsa, bizga xabar bering.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer