Bo‘lginchilar Ukrainaning qiruvchi uchog‘ini urib tushirganlar

Image copyright AP

Ukraina hukumati xabar qilishicha, yakshanbaga o‘tar kechasi mamlakat sharqidagi Lugansk viloyatida qurolli isyonchilar Ukrainaning MiG-29 qiruvchi uchog‘ini urib tushirganlar.

Urib tushirilgan uchoq haqidagi xabarni BBCga Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi matbuot voizi Andrey Lysenko tasdiqladi.

Mamlakat sharqidagi ukrain qo‘shinlari maxsus amaliyoti vakili Leonid Matyuxin uchuvchi katapult yo‘li bilan omon qolganini aytdi.

Image copyright RIA Novosti

"Qidiruv va qutqaruv ishlari ortidan uchuvchi xavfsiz joyga yetkazildi", - dedi Matyuxin janoblari Ukrainaning 5-kanali bilan suhbatda.

Avvalroq Rossiyaning LifeNews internet nashri isyonchilar qo‘mondonligiga tayanib xabar tarqatishicha, ukrain qo‘shinlari Luganskni "Tochka-U" rusumli raketalar bilan bombardimon qilgan va raketalar qoldiqlari shaharda topilgan.

Image copyright AP

Bu ma‘lumot boshqa manbalardan tasdiqlanmagan.

"Tochka-U" raketasi 120 chaqirimlik masofaga otilishi mumkin. U Sovet Ittifoqida ishlab chiqarilgan va 1989 yilda ilk marta og‘ir qurollar ro‘yxatiga kiritilgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02