Qirg‘iz chegarachilari bir o‘zbekistonlikni otib o‘ldirishdi

Qirg‘iziston ommaviy-axborot vositalari tarqatgan xabarlarga ko‘ra, hodisa janubiy Botken viloyatining Qadamjoy tumanida Orto-Intimaq qishlog‘i yaqinida yuz bergan.

Ular Qirg‘iziston Davlat Chegara Xizmatining ma‘lumotlariga tayanib, xabar berishgan.

Ayon bo‘lishicha, qirg‘iz chegarachilari 20-25 chog‘liq noma‘lum shaxslar bilan Qirg‘iziston hududida, o‘zaro chegaradan 250 metrcha uzoqlikda to‘qnash kelishgan.

Chegara Xizmatining bildirishicha, ular qirg‘iz-o‘zbek chegarasini noqonuniy kesib o‘tib, Qirg‘izistondan O‘zbekistonga noqonuniy yo‘llar bilan turli mahsulotlar olib o‘tmoqchi bo‘lishgan.

Ammo, xuddi shu o‘rinda, bu shaxslarning kim ekanliklari va aynan nima olib o‘tmoqchi bo‘lganliklari ochiqlanmaydi.

Qirg‘iziston tomoniga ko‘ra, guruh chegarachilarning "to‘xtash", haqidagi buyruqlariga quloq tutmaydi va aksincha, qarshilik ko‘rsatib, ularni toshbo‘ron qiladi.

"Shundan so‘ng, chegarachilar havoga qarata bir necha bor ogohlantiruvchi o‘q uzishadi. Chegara buzuvchilar bunga ham etibor bermagach, qo‘riqchilar qurollarini ishga solib, ulardan birini yaralashadi", - deyiladi Qirg‘iziston Davlat Chegara Xizmatining xabarida.

Qirg‘iziston tomoniga ko‘ra, chegarachilari o‘sha yerning o‘zida yaradorga birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatishadi.

Ammo, ularning aytishlaricha, qirg‘iz chegarachilarining o‘qidan yaralangan shaxs kasalxonaga yetmay, jon taslim qiladi.

Qolganlari esa, O‘zbekiston hududida g‘oyib bo‘lishadi, deyiladi Qirg‘iziston Davlat Chegara Xizmati ma‘lumotida.

Ularga ko‘ra, O‘zbekiston bilan o‘zaro chegara yaqinida yuz bergan hodisada ikki chegarachilari ham yaralanadi.

Joriy paytda Qirg‘izistondagi mas‘ul idoralar bu haqda ogohlantirilgani, Davlat Chegara Xizmati esa, o‘z tekshiruv ishlarini boshlab yuborgani aytiladi.

Otib o‘ldirilgan shaxsning jasadi O‘zbekistonga qaytarilgani yoki yo‘qligi haqida ham, hozircha, biror bir ma‘lumot yo‘q.

O‘zbekiston tomoni ham halicha yuz bergan hodisaga rasman munosabat bildirmagan.

Biz yuz bergan so‘nggi hodisa tafsilotlarini mahalliy jurnalist Shohruh Soipovdan so‘radik:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikiston bilan o‘zaro ziddiyatli chegara hududlariga ega.

Hukumatlar miqyosida davlat chegaralari demarkatsiyasi masalasida uzoq yillardan beri olib borilayotgan muzokaralar esa, haliyam o‘z samarasini bermagan.

So‘nggi yillarda qirg‘iz-o‘zbek va qirg‘iz-tojik chegaralarida bu kabi halokatli to‘qnashuvlar sonining jiddiy ortgani kuzatiladi.

Shu oy boshida Tojikiston chegara qo‘riqchilari va uch nafar ot mingan noma‘lum qurolli shaxslar o‘rtasida ham otishma yuz bergandi.

9 avgust kuni Tojikistonning To‘pako‘l aholi punkti yaqinida ro‘y bergan ushbu hodisada bir qirg‘iz chegarachisi otib o‘ldirilgandi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02