"Dunyoning tinchi yo‘qolib bormoqda", O‘zbekistondagi vaziyat qanday?

Image copyright .

Bu kabi xulosaga Iqtisodiyot va Tinchlik instituti kelgan.

Ularning so‘nggi tadqiqotlari natijasidan ayon bo‘lishicha, bugun dunyoning bor-yo‘g‘i 11 davlatigina tinch ekan.

Tashkilot esa, o‘z izlanishlari doirasida jahonning 162 mamlakatidagi vaziyatni o‘rgangan.

Ularning tadqiqotlari, bundan tashqari, 2007 yildan boshlab, dunyoning tinchi yo‘qolib borayotganiga ham dalolat qilgan.

Iqtisodiyot va Tinchlik instituti rahbari Kamilla Shippa buning sababini global moliyaviy inqiroz va Arab Bahori bilan izohlagan.

Shippa xonim bu haqda Britaniyada chop etiluvchi "The Independent" nashriga bergan suhbatida bildirgan.

Unga ko‘ra, bu ikki yirik moliyaviy va geosiyosiy shok dunyo davlatlarini mojarolar girdobi qarshisida qoldirgan.

"O‘tgan yili biz dunyo bo‘ylab terrorchilik faoliyatining kuchayganiga guvoh bo‘ldik. G‘azoda vaziyat qayta olovlandi, Suriya va Iroq inqiroziga hanuz yechim topilgani yo‘q".

Image copyright BBC World Service

"Yaqin Sharqdan tashqarida esa, Ukrainadagi xalq isyoni qurolli nizolarga aylanib ketdi. Janubiy Sudan va Kongo Demokratik Respublikasida zo‘ravonliklar kuchayib bormoqda".

"Dunyo bo‘ylab kuzatilayotgan bu kabi holat esa, vaziyatning tez orada o‘nglanmasligiga dalolat qiladi", - deydi u.

Xuddi shu o‘rinda yangi tadqiqot odamlarning osoyishta bir davlatda hayot kechirish imkonlari haminqadar ekaniga dalolat qiladi.

Ya‘ni, dunyoning ikki yuzga yaqin davlati orasidan nisbatan har qanday mojarolardan xoli, deb topilganlari faqat Shveytsariya, Yaponiya, Qatar, Mavritaniya, Urugvay, Chili, Botsvana, Kosta Rika, Vetnam, Panama va Braziliya bo‘lib chiqishgan.

Ammo, yangi tadqiqot xulosalariga tayanilsa, hatto ana shu 11 davlat ham ichki nizolar xavfidan butkul forig‘ emas ekanlar.

Misol uchun, Braziliya va Kosta Rikada odamlar uchun qurol-yarog‘ muammo emas, shu bois ham namoyishlar tezda zo‘ravon tus olib ketishi mumkin, deyishadi mualliflar.

Tadqiqotchilarga ko‘ra, Shveytsariya har jihatdan orom bo‘lsa-da, chetga ko‘p sonda qurol sotish bilan o‘zini xavf ostiga qo‘ygan.

Image copyright Getty

Lekin, shunda ham, deylik Buyuk Britaniya bu davlatlarning yaqiniga ham yo‘lay olmagan.

Tadqiqotchilarga ko‘ra, bunga qirollikning Afg‘oniston mojarosidagi ishtiroki va anchayin harbiylashgani sabab bo‘lgan.

Afg‘onistonning o‘zi esa, bu yil ham dunyodagi eng notinch ikki davlatdan biri bo‘lib chiqqan.

Chorak asrdan buyon tinchlik nima ekanini bilmay kelayotgan mamlakat yangi tadqiqotda 162 davlat orasidan 161-o‘rinni egallagan.

Ta‘kidlash joiz, Afg‘oniston o‘tgan yili xalqaro institut tomonidan jahondagi vaziyati eng xarob mamlakat, deb topilgandi.

So‘nggi oylarda islomiy jihodchilik muammosiga ro‘baro‘ kelib turgan Iroq esa, Afg‘onistondan bor-yo‘g‘i 3 pog‘ona yuqori ekan, xolos.

Ammo, qariyb bir yildan buyon tinchini yo‘qotgan bo‘lsa-da, Ukraina(145) Rossiya(152)dan ko‘ra yaxshiroq mavqe‘da ekan.

O‘tgan uch yildan buyon qurolli nizolar girdobida bo‘lgan Suriya esa, dunyoning eng notinch davlati bo‘lib chiqqan.

Image copyright AP

Qanchalik osoyishta ekanlik bobida Markaziy Osiyo davlatlari orasidan Turkmaniston(95) eng yaxshi natijani qayd etgan.

Ro‘yxatda anchayin quyi o‘rinlarni egallagan Qozog‘iston(103) va O‘zbekiston(104)dagi vaziyat bir-biridan deyarli farq qilmasligi ayon bo‘lgan.

Ammo bu yilgi ro‘yxatda O‘zbekiston 20 pog‘ona yuqorilab, biroz bo‘lsa-da, o‘z mavqeini yaxshilab olgan.

So‘nggi xalqaro tadqiqot mintaqa davlatlari orasidan Qirg‘iziston(125) va Tojikiston(126)ning eng notinch ekaniga dalolat qilgan.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, Iqtisodiyot va Tinchlik institutining tadqiqoti faqat o‘tgan yilgi vaziyatni ko‘zda tutadi.

Bu esa, xalqaro mojarolar ko‘lamining joriy yilda yanada kengayib, dunyodagi ahvolning bundan-da yomonlashganiga dalolat qiladi.

Xalqaro institut dunyoning tinchligini uch mezon: jamiyatning qanchalik xavfsiz ekani, ichkiyu tashqi mojarolarning ko‘lami va mamlakatlarning nechog‘liq harbiylashganiga qarab belgilaydi.

Davlatlardagi vaziyatni esa, 22 kategoriya bo‘yicha baholab, shu asosda o‘z ro‘yxatini tuzadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02