Endi tadbirkorga hokimiyatning gapi o‘tmaydi...mi?

Image caption Ommaviy bayramlarga endi pulni kim to‘lasa ekan?

O‘zbekistonda tadbirkorlarni xayriya ishlariga majburlash taqiqlangan.

Bu borada Vazirlar mahkamasi maxsus qaror chiqargan.

Hujjatda tadbirkorlar xayriya ehsonlar shaklidagi yordamlarni faqat ixtiyoriy va beg‘araz berishi mumkinligi belgilandi.

Kuzatuvchilar hukumatning ushbu qarori parlament va prezident saylovlari arafasida qabul qilinganiga e‘tibor qaratishmoqda.

Qarorga ko‘ra, tadbirkorlardan shu vaqtgacha majburiy yig‘ib kelingan xayriya mablag‘lariga chek qo‘yiladi.

Tadbirkorlarning ixtiyoriy ravishda yordam ko‘rsatishi uchun esa byudjetdan tashqari g‘aznachilik hisob raqamlari ochiladi.

Navoiy viloyatida kichik tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi Ahmad Navoiy BBC bilan suhbatda, hukumat tomonidan ushbu qarorni qabul qilishga tadbirkorlar tomonidan aytilgan ko‘plab shikoyatlar turtki bergan bo‘lishi ehtimolini urg‘uladi.

"Internet nashrlari, chet el radiolarida ko‘pchilik tadbikorlar hukumat bizni pul ko‘chirish uchun majburlaydi degan shikoyatlari ko‘payib ketgani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Yana saylov oldi kompaniyasi ham bo‘lishi mumkin", - deydi Ahmad Navoiy.

Tadbirkorning bildirishicha, ularni hokimiyat tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarga jalb qilish odatga aylangan. Bolalar sportini rivojlantirish jag‘armasi, Sog‘lom avlod jamg‘armasi, futbol jamoalarini qo‘llab quvvatlash yoki Umid nihollari kabi davlat tomonidan o‘tkaziladagin yirik tadbirlarga muntazam pul o‘tkazib turish so‘ralgan.

Ushbu pul o‘tkazish haqidagi so‘rovlar yozma shaklda emas, balki og‘zaki - do‘q po‘pisa shaklida bo‘lgan.

"Rad etsangiz, hamma o‘tkazganidan so‘ng siz yakka moxovga o‘xshab ularning ko‘ziga yomon ko‘rinib qolasiz. Tishini qayrab o‘tiradi. O‘zbekiston qonunlari shundayki, tadbirkorlik qilmoqchi bo‘lsangiz qonun buzmasdan iloji yo‘q. Tekshirish jo‘natadi, departament degani bor, masalan, o‘z mahsulotingizni naqd pulga sotib soliqdan qochasiz. Hukumatning qo‘lida vosita ko‘p, hattoki jinoyat ishi ham ochib yuborishi mumkin", - deydi Ahmad Navoiy.

Suhbatdoshning ilova qilishicha, qaror chiqishidan oldin Navoiy viloyatida bu kabi yig‘imlarga allaqachon chek qo‘yilgandi.

Ikki yil oldin majburlashlar avjiga chiqqan mahal u ikki yil davomida o‘rtacha 25 ming dollar homiylik qilishga majbur bo‘lgan.

"Sponsorlik qilish 2010 yilda odat tusiga kirishni boshladi. 2012 yilgacha davom etdi. Mana ikki yilning ichida homiylik to‘lovlari uchun 60 million so‘m to‘laganman. Bu summa firmamni bankrotlik holatiga olib keladigan darajada emas edi. O‘shani bilib, bankdagi pul aylanmangizga qarab summani aytishadi. Soliq idorasi va bankda bu ma‘lumotlar bo‘ladi. Shunga qarab buning oboroti yaxshi, unga ko‘proq qo‘yinglar deydi".

Tadbirkorning aytishicha, homiylik uchun pul so‘rash Navoiy viloyatida ikki yildan beri to‘xtatilgan bo‘lsa ham boshqa viloyatlarda hamon mavjud.

Jumladan, bu yil Namangan viloyatida o‘tkazilgan "Barkamol avlod" sport o‘yinlariga tayyorgarlik uchun tadbirkorlar xayriya ishlariga majburlangan, deydi u.

Navoiy viloyatida tadbirkorlarga bo‘lgan munosabatning tubdan o‘zgarganini viloyatdagi boshqa tadbirkorlar ham tasdiqlashdi. Biror ish ochmoqchi bo‘lib muammo duch kelgan tadbirkorlarga viloyat hokimining bevosita yordam bergani va buning evaziga faqat ishni rivojlantirishni talab qilgani borasida ismi sir qolishni istagan yana bir tadbirkor aytib o‘tdi.

Lekin boshqa viloyatlarda ahvol Navoiydagidek emasligi ta‘kidlanadi.

Yuqoridan juda ham ko‘p tadbir o‘tkazish so‘raladigan viloyat hokimliklari ushbu harajatlarni tadbirkorlar zimmasiga yuklashga majbur qolayotganiga urg‘u beriladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02