"Daydi"ning o‘limi, hindistonlik qullar va iftorliklar kimning hisobidan

Qarshi shahrida O‘zbekistonda "daydi" deb ataladigan – uy-joysiz kishi o‘ldirib ketilgan.

Qarshi shahar Ichki ishlar bo‘limi navbatchilik qismiga qurib bitkazilmagan bino hududida noma‘lum kishining o‘ligi topilgani haqida xabar berilgan.

Tekshirishlar natijasida o‘lgan odam 70 yoshli Xushvaqt M. ekanligi aniqlangan.

Uning yashash uchun turar-joyi bo‘lmasdan, duch kelgan yerda yotib uxlagan.

Jinoyat iziga tushilganda 64 yoshli Viktor S. ismli kishi qo‘lga olingan.

U marhum bilan tanish bo‘lgani, o‘rtada janjal chiqqani va Xushvaqtni o‘ldirganini tan olgan.

Bu haqda "Postda" gazetasi xabar bergan, deb yoziladi Kun.Uz websaytida.

Kuzatuvchilarning aytishlaricha, O‘zbekistonda uy-joysiz kun kechirayotgan kishilar borligi haqida rasmiy ma‘lumotlar berilmaydi.

Bu muammo mamlakat ommaviy-axborot vositalarida yoritilmaydi.

Qullikka solish?..

Image copyright REUTERS

Ommaviy-axborot vositalarida O‘zbekiston fuqarolarining chet ellarda, ayniqsa, Rossiya va Qozog‘istonda qul qilib ishlatilayotgani haqida xabarlar tez-tez chiqib turadi.

O‘zbekiston televideniyesi esa, har kuni tomoshabinlarni duch kelgan odamlar yoki tashkilotlar makriga aldanib, qullik iskanjasiga tushib qolishdan ogohlantiradi.

Lekin bu gal O‘zbekistonning o‘zida ozod insonlarni qullikka solish voqeasi yuz bergani haqida xabar tarqaldi.

Hindistonlik 250 nafar quruvchi O‘zbekistonda quldek ishlatilayotgani ma‘lum bo‘ldi.

Hindistonning Andhra-Pradesh shtati hukumati mamlakat Tashqi ishlar vazirligidan O‘zbekistonga aldov yo‘li bilan olib kelingan 250 nafar hindistonlikni qullikdan ozod qilishda yordam so‘rab murojaat etgan. Bu haqda Vesti.uz websayti xabar berdi.

Hindistonning NDTV telekanali ma‘lumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda Haydarobodda hindistonlik ishchilarni O‘zbekistonga aldov yo‘li bilan olib kelish bo‘yicha tergov ishlari boshlangan, ishchilarni Hindistondan chet elga olib chiqishda ishlagan agentlar va vositachilar qidirilmoqda.

Andhra-Pradesh shtati rahbariyati O‘zbekistonda ishlayotgan hindistonlik ishchilarning ahvoli haqida Hindiston tashqi ishlar vaziri Sushmu Svarajni xabardor etgan.

Xabar berishlaricha, ishchilar O‘zbekistonga Haydaroboddagi Placewell HRD Consultants firmasi vositachiligida olib kelingan.

Andhra-Pradesh shtati axborot vazirining so‘zlariga ko‘ra, hindistonlik quruvchilar O‘zbekistonda kuniga 16 soatdan ishlashmoqda, ularning pasportlari olib qo‘yilgan, o‘zlari esa yerto‘la uylarda turishmoqda.

NDTV telekanali xabarida hindistonlik quruvchilar O‘zbekistondagi qaysi qurilishga jalb etilganiga aniqlik kiritilmagan.

Hozircha O‘zbekiston rasmiylarining hindistonliklarni qullikka solish xabariga nisbatan munosabatlari yangramagan.

Yangilik

Bir qator web-saytlarda yozilishicha, O‘zbekistonda tadbirkorlarni xayriya ishlariga majburlash taqiqlangan.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi “Byudjet tashkilotlari tomonidan tadbirkorlik sub‘ektlarining xayriya ehsonlari shaklidagi mablag‘laridan foydalanishning oshkoraligi va samaradorligini ta‘minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qilgan.

Qarorda tadbirkorlik sub‘ektlari xayriya ehsonlari shaklidagi yordamni faqatgina ixtiyoriy va beg‘araz ko‘rsatishi mumkinligi, shuningdek, tadbirkorlik sub‘ektlarini xayriya faoliyatiga va ularning pul mablag‘larini sarflash bilan bog‘liq boshqa tadbirlarga majburiy jalb etish taqiqlanishi belgilangan.

Bundan tashqari, qarorda davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va byudjet tashkilotlarining rahbarlari tadbirkorlarni xayriyaga majburlagan taqdirda, qonun bo‘yicha javobgarlikka tortilishi qayd etilgan.

Ayni bir paytda, O‘zbekistonlik tadbirkorlar mamlakatda o‘tkaziladigan ko‘pgina chora-tadbirlar uchun o‘zlaridan mablag‘ ajratish talab qilingani borasida shikoyat qilib kelishadi.

Masalan, o‘z vaqtida Gulnora Karimova bergan iftorliklar aslida tadbirkorlarning mablag‘lari hisobiga o‘tkazilgani aytilgandi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02