Dunyoning eng ko‘p temir-taqali odami Dubayga qo‘yilmadi

Image copyright AFP

Dubay aeroportidagi hodisa badaniga taqib olgan temir-taqalarining soni bo‘yicha Ginnesning rekordlar kitobiga kirgan olmoniyalik Rolf Buxgolts bilan yuz bergan.

O‘zining tashqi qiyofasi bilan har qanday kishini hayronu lol qoldirishi tabiiy bo‘lgan rekordchi tungi klublardan biridagi shouda ishtirok etish uchun Dubayga borgan.

Xabarlarga ko‘ra, 53 yoshli Buxgoltsga, hatto, mehmonxonaga borishiga ham izn berishmagan.

Istanbulga uchayotgan birinchi uchoqqa mindirib, aeroportning o‘zidanoq ortga qaytarib yuborishgan.

Rolf Buxgoltsning tanasi 453 yeridan teshilgan:

Uning labiga 94, qoshlariga 25 va burniga 8 ta xalqa taqilgan.

Bulardan tashqari, tanasining o‘nlab yeriga temir-taqa ilib olgan.

Image copyright BBC World Service

Badanining eng nozik yerlari ham bu kabi bezaklarga to‘lib ketgani aytiladi.

Ustiga ustak, janob Buxgolts boshiga ham ikkita sun‘iy shox o‘rnattirib olgan.

Xabarlarga ko‘ra, Dubay aeroporti xodimlari o‘z xatti-harakatlari yuzasidan rasman izoh berishmagan.

Olmoniyalik rekordchi, keyinchalik, buning sababini o‘z Twitter akkauntida bildirib o‘tgan.

Uning yozishicha, "Dubay aeroportining migratsiya xodimlari o‘zini "yovuz afsungar", deb o‘ylashgan.

Rolf Buxgoltsning twitidan ayon bo‘lishicha, yuklari ham Dubay aeroportida yo‘qolib qolgan va hanuz ularning daragi yo‘q.

Janob Buxgolts boshiga tushgan shuncha ko‘rguliklardan keyin, Dubayga qaytib qadam bosmasligini aytmoqda.

Uni shouga taklif qilgan Cirque Le Soir tungi klubi esa, mehmonlarini Dubayga kiritish uchun bor imkoniyatlarini ishga solishgani, ammo qo‘llaridan hech narsa kelmaganini bildirgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02