"Bachabozlik haqida ochiq gapirishning vaqti yetdi"

Bunday tashabbus bilan Afg‘oniston mustaqil Inson huquqlarini saqlash hay‘ati chiqqan.

Hay‘atning ayni muammoga bag‘ishlangan ilk rasmiy hisobotida aytilishicha, Afg‘onistonda bachayu bachabozlarning soni yanada ortgan, qonunchilikdan esa, asar ham yo‘q.

Yangi hisobot tafsilotlaridan ayon bo‘lishicha, bachabozlik bilan bog‘liq vaziyat, ayniqsa, Afg‘onistonning notinch viloyatlarida juda jiddiy.

Hay‘at mas‘ullariga ko‘ra, bugun bachalikka duchor bo‘layotganlar orasida 10 yoshli boladan tortib, 18 yashar yigitgacha bor.

Nochorlik, qarovsizlik, himoyasizlik va savodsizlik esa, ularni ushbu muammo girdobiga tashlayotgan asosiy muammolar ekan.

Afg‘onistonda qadim bachabozlik an‘anasining avj olishiga sabab bo‘layotgan omillarning o‘zi bugun qonunsizlik, qashshoqlik va qurol kuchining hukmronligi kabi uch so‘zda jam bo‘ladi.

Hisobot mualliflariga ko‘ra, bachalik qilishga majbur bolalardan deyarli hech biri maktabga bormaydi.

Hay‘at tadqiqotlaridan ma‘lum bo‘lishicha, bachabozlarning aksariyatini 41 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan oilali erkaklar tashkil etishadi.

Ularning yarmidan ko‘prog‘i oddiy odamlar ekani, ammo oralarida sarmoyadorlar, oqsoqollar va qo‘mondonlarning ham borligi aytiladi.

Hay‘at rahbari Vohiduddin Arg‘unning BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, bachabozlardan 90 foizga yaqini qilayotgan ishi jinoyat ekanini bilmaydi.

Yangi tadqiqotning o‘zi esa, Afg‘onistonning 34 viloyatidan yarmida olib borilgan.

Tekshiruvlar jarayonida 22.000 kishi, jumladan, bacha va bachabozlarning ham fikrlari o‘rganilgan.

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, muammoning ko‘lamiga qaramay, Afg‘onistonda bachabozlik jinoyat sifatida ko‘rilmaydi va rasman jazo ham ko‘zda tutilmagan.

Jamiyatda azal-azaldan oshkora bo‘y ko‘rsatib kelayotganiga qaramay, bu haqda ochiqcha gapirish ham ma‘qul ko‘rilmaydi.

Afg‘onistonning ochiq siri esa-da, bachabozlik "o‘ta hassos va oshkora gapirilmaydigan" mavzulardan sanaladi.

Mahalliy faollar bachabozlik bilan ko‘p odam shug‘ullanishi, ammo ochiqcha aytishga kelganda, churq etib og‘iz ochadiganlar deyarli topilmasligini ta‘kidlashadi.

Afg‘oniston mustaqil Inson huquqlarini saqlash hay‘atining aytishicha, yangi hisobotlari bilan ana shu "tabu"ni sindirishmoqchi.

Bachabozlik muammosiga afg‘on hukumatining jiddiy e‘tiborini tortib, zo‘ravonlarning jazolanishi va qurbonlarning har tomonlama muhofaza etilishiga erishishmoqchi.

Faqat hay‘at emas

Image copyright BBCPashto.com

Afg‘onistondagi bachabozlikning hozirgi ko‘lami yaqinda G‘arbning qator nufuzli nashrlari e‘tiborini ham o‘ziga tortgandi.

Ular Tolibon tuzumi qulatilishi ortidan Afg‘onistonda bachabozlik ko‘lami kishining aqlini shoshiradigan darajaga yetgani haqida yozishgandi.

Ammo, kishining aqlini shoshirish darajasida deyilganda ham, muammoning bor ko‘lamiga aniqlik kiritishi mumkin bo‘lgan ishonchli ma‘lumotlar yo‘q.

Washinton Post va Foreign Policy kabi nashrlarga tayanilsa, bachabozlik ko‘lami hozir Afg‘onistonning ushbu muammo odatiy tus olgan janubi qolib, shimoli va hatto, poytaxt Kobulga qadar yetib borgan.

Birlashgan Millatlarning ekspertlari esa, bachabozlik bilan bog‘liq mavjud vaziyatni nazarda tutib, "Tolibon tuzumi davrida qonunlar yaxshiroq ishlashi"ni e‘tirof etish darajasiga borishgandi.

Afg‘onistondagi bachabozlik muammosi, hattoki, AQSh Davlat departamentining so‘nggi yillik hisobotlarida ham tilga olinadi.

Foreign Policy jurnali esa, hattoki, 2002 yilda chop etilgan ayrim maqolalarga tayanib, 90-yillar boshlarida Tolibonning qudratga kelishiga ham aynan bachabozlik hollaridan nafrat sabab bo‘lgani haqida so‘z yuritgandi.

Agar, ushbu jurnalda bosilgan so‘nggi maqola tafsilotlariga tayanilsa, bachabozlik bugunga kelib, Afg‘onistonning aksariyat hududlarida ma‘lum bir tartibga ham tushib ulguribdi.

Aksariyat bachalar qudratli erkak hamrohlarining yarim rasmiy yordamchilariga aylanishgan, deb yoziladi ushbu maqolada.

Ayon bo‘lishicha, bugun Afg‘onistonda salmoqli sondagi hukumat, politsiya mulozimlari va harbiylar bacha tutishadi.

Oxirgi paytlarda bo‘y ko‘rsatayotgan bu kabi maqolalarda aytilishicha, bachabozlik minglab qurbonlarini bir umrga ruhan mayib qilish barobarida Afg‘onistonning risoladagidek bir davlatga aylanishiga ham imkon bermaydigan muammo ko‘rinishini olgan.

Ammo, shunga qaramay, mualliflarning birdek e‘tirof etishlaricha, bachabozlikning oldini olish yo‘lida na-da xalqaro hamjamiyat va na-da afg‘on hukumati deyarli bir ish qilgan.

Katta sondagi afg‘on bolalari esa, 13 yildan buyon yangi afg‘on hukumati amalda ekaniga qaramay, bachabozlik muammosi qarshisida ojiz va himoyasiz qolishmoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02