Islom Karimov: "Xitoy-kelajagi buyuk davlat"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Pekinda Xitoy rahbari Si Tszinpin bilan muzokaralar olib borgan Prezident Karimov Xitoyning "kelajagi buyuk" ekanini aytgan va O‘zbekiston Xitoy bilan yaqinlashishda davom etishini ta‘kidlagan.

Janob Karimov ikki tomonlama aloqalar bilan bir qatorda Ukraina inqirozini ham muhokama qilgani xabar qilingan.

O‘zbekiston rahbari Xitoyning uyg‘urlar yashaydigan Shinjon mintaqasidagi bo‘lginchilikka nisbat beriladigan "uch yovuz kuch"ga qarshi kurash siyosatini yana bir marta dastaklagan.

Prezident Karimov Xitoy rahbarining o‘tgan yil sentyabrida O‘zbekistonga qilgan tashrifi ikki tomonlama aloqalarning mustahkamlanishida muhim bosqich bo‘lganini aytgan.

Bu janob Karimovning Ukraina inqirozi boshidan buyon Xitoyga ikkinchi safari.

Har ikki davlat Rossiyaning Ukraina siyosati yuzasidan ehtiyotkor munosabat bildirib keladi.

Mintaqadagi tahlilchilar O‘zbekiston Ukraina inqirozi manzarasida postsovet hududida diplomatik tashabbusni qo‘lga olishga harakat qilayotganiga e‘tibor qaratishadi.

O‘zbekiston MDH davlatlari orasida amalda Ukrainaning mustaqilligi va hududiy yaxlitligini himoya qilib chiqqan yagona davlat bo‘lgan.

Rasmiy Toshkent boshqa qo‘shnilaridan farqli o‘laroq, Qrimning Rossiya tomonidan annektsiya qilinishini qo‘llab-quvvatlamagan.

So‘nggi oylarda rasmiy Toshkent mintaqadagi deyarli barcha qo‘shnilari muhim siyosiy maslahatlashuvlarni o‘tkazgan.

Toshkentning o‘zi ochiqcha dushman deb atamagan bo‘lsa ham, do‘st sifatida ko‘rmagan Tojikiston va Turkiya bilan aloqalarni qayta qo‘lga qo‘yishi Rossiyaning postsovet hududidagi imperiyachi siyosatiga qarshi bir navi ittifoq yaratish urinishlari sifatida ham baholanmoqda.

O‘tgan oy Prezident Karimov Toshkentda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovuto‘g‘lini qabul qilgan va kelasi oy uning so‘nggi olti yilda birinchi marta Tojikistonga safar qilishi kutilmoqda.

Iqtisodiy va siyosiy belbog‘

Janob Karimov O‘zbekiston Xitoyning "Ipak Yo‘li Iqtisodiy belbog‘i" va boshqa loyihalarida faol rol o‘ynash istagida ekanini bildirgan.

"Ipak Yo‘li Iqtisodiy belbog‘i" loyihasi Rossiyaning Ovrosiyo hamda AQShning "Yangi ipak yo‘li" loyihalariga raqobatchi loyiha sifatida ko‘riladi.

Markaziy Osiyodan boshlab Qafqosgacha uzangan yirik iqtisodiy hudud barpo etishni ko‘zlagan loyiha Qrimni ham o‘z ichiga olgan va Rossiyani chetlab o‘tishi ko‘zda tutilgandi.

Rossiya matbuotining ma‘lumotlariga ko‘ra, Ukraina Xitoyga Qrimning bir qismida erkin iqtisodiy hudud barpo etishga ruxsat bergan.

Rossiya nashrlari Xitoy shuningdek, Qrimda yangi aeroport, neft va gazni qayta ishlovchi zavodlar hamda oromgohlar yaratishni rejalagani haqida yozgan.

Ammo Qrimning Rossiya tomonidan annektsiya qilinishi Xitoy loyihasiga qanday o‘zgartirishlar kiritgani ma‘lum emas.

O‘tgan yillarda Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekistonda Rossiya va Xitoy asosiy sarmoyadorlar bo‘lib kelishgan.

Ammo hozirda g‘arbning iqtisodiy jazo choralari Rossiyani zaiflatishi asnosida kuzatuvchilar Xitoy asosiy sarmoyadorga aylanishini bashorat qilishmoqda.

O‘tgan yili O‘zbekiston Xitoy bilan umumiy qiymati 11 milliard dollar miqdoridagi shartnomalarni imzolagan.

Pekindagi muzokaralar chog‘ida Si Tszinpin Xitoy O‘zbekistonga sarmoyalar miqdorini yanada oshirish niyatida ekanini aytgan.

O‘tmishda G‘arb Xitoyning Markaziy Osiyodagi maqsadlari shafof emasligidan tashvish bildirgan va Markaziy Osiyoning ayrim davlatlari, xususan, Qozog‘istonda Xitoy ekspantsiyasidan xavotirlar mavjud.

Ammo tahlilchilarga ko‘ra, 30 milliondan ortiq aholiga ega O‘zbekiston Xitoyning demografik ekspantsiyasidan qo‘rqmaydi.

Prezident Karimov o‘tmishda Xitoyni inson huquqlari va demokratiyadan "ma‘ruza o‘qimagani" uchun hurmat qilishini aytgan.

Tahlilchilar yana bir muddatga prezidentlikda qolishni rejalayotgan 76 yoshli Islom Karimov uchun Xitoyning sarmoyalari va siyosiy dastagi muhim ekanini aytishadi.

Ularga ko‘ra, janob Karimov hamma vaqt qudratli davlatlarning manfaatlari o‘rtasida muvozanat o‘rnatishga harakat qilib kelgan va ko‘pincha buning uddasidan chiqqan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02