Qodirov: "Telefonimni yo‘qotganim yo‘q"

Image copyright RIA Novosti
Image caption "Telefonim o‘zimda..."

Checheniston prezidenti Ramzan Qodirovga ko‘ra, uning telefonlari "yo‘qolaman", deb turgani yo‘q.

Avvalroq, matbuotda Checheniston rahbarining telefoni yo‘qolib qolgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Jumladan, "Memorial" inson huquqlari markazi o‘tgan shanba kuni "Shira-Yurt", deb nomlangan arxitektura-etnografiya muzeyining ochilishida Qodirovning telefoni yo‘qolgani, bu haqda ovoz kuchaytirgich orqali mehmonlarga e‘lon qilingani borasida yozgandi.

"Memorial"ga ko‘ra, politsiya va mahalliy ma‘muriyat vakillari tadbirda qatnashgan mingdan ortiq faollarni chaqirtirib so‘roqqa tutgan.

Ular orasida voyaga yetmagan bolalar ham bo‘lgani aytiladi.

Inson huquqlari faollariga ko‘ra, asosan tunda kechgan bu so‘roqlar tongga qadar davom etgan.

Oradan ko‘p o‘tmay Checheniston rahbarining matbuot kotibi Alvi Karimov telefon yo‘qolgani haqidagi xabarlarni rad etgan.

Ramzan Qodirovning o‘zi ham Instagram dagi sahifasida g‘azabga to‘la raddiya qoldirgan.

"Qancha odam so‘roqqa tutilganini bilmayman"

Qodirov o‘z telefoni yo‘qolgani haqidagi xabarni "qip-qizil yolg‘on", deb ta‘riflagan.

Ammo u tadbir davomida rostdan ham boshqa bir telefon yo‘qolgani, uning egasi esa "Niysarxoy" raqs guruhining rahbari Xede Tsakayeva ekanini ma‘lum qilgan.

Uning aytishicha, Shalinskiy tumani ichki ishlar bo‘limi xodimlarining tezkor harakatlari tufayli bu telefon topilib, egasiga topshirilgan.

"Ular qancha odamni so‘roq qilishgani menga qorong‘u, ammo agar ming kishi va hatto o‘n ming kishi bo‘lsa ham bu bir narsani anglatadi -ular ishlashmoqda va bunaqa kichik narsalarni ham bee‘tibor qoldirishmayapti", deb yozadi Checheniston rahbari o‘zining Instagram sahifasida.

"Mening ikkala telefonim ham yonimda, aloqa xizmati yaxshi va yo‘qolish niyatida emas", deb urg‘ulaydi Qodirov.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02