Rossiyadagi O‘zbekiston meva-sabzavoti ko‘payadimi?

Yaqinda Rossiya prezidenti farmoni bilan Ovro‘po Ittifoqi, Qo‘shma Shtatlar va boshqa G‘arb davlatlaridan oziq-ovqat importiga "embargo" e‘lon qilindi.

Bu amal Ukrainadagi hodisalar tufayli G‘arbning Rossiyaga qarshi e‘lon qilingan jazo choralariga javob amali ekani aytildi.

O‘zbekistondagi tadbirkorlar mamlakatda ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini sotish uchun yangi imkoniyatlar ochilayotganidan quvonchlarini yashirmayaptilar.

O‘zbekiston rasmiylaridan biri esa Rossiyaga meva-sabzavot eksportini ikki barobarga oshirish imkoniyati mavjudligi haqida aytdi.

Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston ham bu sohada ochilayotgan yangi imkoniyatlardan foydalanish istagini izhor etishgan.

Bu intilish va imkoniyatlar mahalliy iste‘molchilar uchun nimani anglatishi mumkin?

Quyidagi ehtimoliy "stsenariy"lardan qay birining amalda yuz berishi haqiqatga yaqinroq deb o‘ylaysiz va nima uchun?

Stsenariy 1: Aytaylik, O‘zbekiston Rossiyaga meva va sabazvotlar eksportini ko‘paytirish ortidan davlat g‘aznasiga ko‘proq mablag‘ kelib tusha boshlaydi. Buning natijasida aholiga to‘lovlarni oshirish imkoni tug‘iladi. Mahalliy bozorda meva-sabzavotlarning narxi oshsa ham aholining xarid qurbi ortadi va ularni sotib olish imkoniga ega bo‘ladi.

Stsenariy 2: Rossiyaga meva-sabzavotlarni eksport qilish jarayoni asosan davlat qaramog‘idagi tashkilotlar nazorati ostida bo‘lgani sababli undan tushadigan mablag‘lar "boshqaruvchi elita"ga tegishli " kazolar" cho‘ntagiga kelib tushadi. Aholiga bundan naf bo‘lmaydi, narxlar ko‘tarilib, battar qashshoqlashadi.

Stsenariy 3: Eksport hajmining ko‘payishi ishlab chiqariladigan mahsulot ko‘lamining ham oshishini taqozo qiladi. Suv taqchilligi o‘tkir sezilayotgan mintaqada unga ehtiyoj yanada oshib, chegaralararo tanglikning kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari vaziyatning yana qanday ehtimoliy rivojlanish yo‘llari bor deb o‘ylaysiz?

Fikrlaringizni BBCning Facebookdagi BBC Uzbek sahifasida yoki "Odnoklassniki"dagi huddi shu nomli sahifada qoldiring.

Sharhlaringizni BBCUzbek.com da ham o‘qishingiz va Daraklar dasturida tinglashingiz mumkin.

Whatsapp raqamimizga ovozli sharhlaringizni ham yo‘llashingiz mumkin +44 78-58-86-00-02.

Rossiyadagi O‘zbekiston meva-sabzavotlari ko‘payadimi?

O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Olimboy Ortiqovga iqtibosan ommaviy axborot vositalarining xabar qilishlaricha, ikki yildan keyin Rossiyadan O‘zbekistonga yetkaziladigan meva-sabzavot mahsulotlari miqdori 500 ming tonna yetishi mumkin.

2013 yilda O‘zbekiston qovun-tarvuzi, sabzavot va poliz mahsulotlarining 200 ming tonnasi Rossiyaga yetkazilgan.

Rossiya G‘arb sanktsiyalariga javoban oziq-ovqat mahsulotlarini import qilishga embargo joriy qilgani markaziy osiyolik, xususan, o‘zbekistonlik bog‘bonu-dehqonlar uchun "yo‘qotilgan bozor"ga qaytish imkoniyati sifatida ham ko‘rilmoqda.

SSSR zamonida O‘zbekiston qovun-tarvuzlari yoki ko‘katlari sharqda Yoqutistondan g‘arbda Moskva-Leningradgacha bozorlardagi eng "tansiq" va qimmat mahsulotlar bo‘lganini ko‘pchilik yaxshi eslaydi.

Sho‘rolar Ittifoqi qulashi bilan O‘zbekiston meva-sabzavotlari uchun ulkan bozor bo‘lgan Rossiya ham qo‘ldan boy berildi.

Buning sabablaridan biri O‘zbekiston rahbariyatining paxtachilikdan voz kechmagani hamdir.

Yaqinda BBC O‘zbekistonda paxta o‘rniga boshqa dehqonchilik mahsulotlarini yetishtirish o‘zbekistonliklarga ko‘proq daromad keltirishi haqidagi maqolani e‘lon qildi.

G‘o‘za o‘rniga tarvuz-qovun ekish yoki bu maydonni uzumzorga aylantirishdan ko‘proq odam foyda ko‘radi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda yetishtirilayotgan paxta millionlab insonlarning arzon mehnati evaziga yetishtirilmoqda, chetga sotilgan paxta tolalari evaziga keladigan valyutalar esa "bir hovuch" amaldorlar va ularning boyishiga xizmat qilmoqda.

BBCning Ijtimoiy minbarida fikr qoldirgan ishtirokchilar fikrlariga tayaniladigan bo‘lsa, G‘arb sanktsiyalariga javoban Rossiyaning oziq-ovqat importini cheklashi o‘zbek dehqoni uchun "yo‘qotilgan bozor"ni qaytarish imkoniyati bo‘lishiga ko‘pchilik ishonmaydi.

Odnoklassniki.rudagi KOINOT NURI BU YASHIRINGAN KEMA: Manimcha 2 tsenariy amalga oshishi extimoli yuqori. Chunki O'zbekiston xukumati mana necha yillarki mevayu boshqa mahsulotlarini oddiy fuqarolariga erkin eksport qilishga to'liq mumkinlik bermiydi. Oddiy etishtiruvchilar chegarada maxsus eksport bilan shug'ullanuvchi mafiya tadbirkorlaga arzonroq sotishga majbur bo'ladi. Shunchaki oddiy dehqonning Rossiyaga mahsulot eksport qilishiga to'siqlar (bahonalar bilan) qo'yiladi. Lekin Qozog'istonni oziq-ovqat eksport qilish imkoniyatlari judayam yahshi. Bu mamlakatda har bir tadbirkorga tovar eksport qilishga ruhsat beriladi va daromad o'sha mahsulot eksportchisini o'ziga tushadi. Bu yahshi. Davlatni istagi ham shu. Bojhona Ittifoqi amal qilgandan beri Janubiy Qozog'iston viloyati shundoq ham poliz ekinlarini Moskva va boshqa shaharlarga erkin eksport qilishni boshlab yuborgandi. 150 mln aholiga ega rus bozori Qozog'iston uchun misli ko'rilmagan boylik to'plash imkoniyati desa ham bo'ladi. Qozoq tadbirkorlariga chin dildan omad tilayman, faqat tadbirkor biznesmenlargina davlatni boyitib yubora oladigan kotta kuch. Ularga imkoniyat yaratilsa mamlakat oldinga siljiydi.

Image copyright BBCUZBEK.COM

Facebook dagi Muxammad Muxammad: Stsenariy 1 va stsenariy 2 haqiqatdan ancha yiroq. Sababi O‘zbekistondan quruq meva, ho‘l meva va sabzavotlarni xorijga chiqazish, ya‘ni eksport qilish bilan ancha yillardan beri xususiy kompaniyalar shug‘ullanadi. Davlat bu ishlarga umuman aralashayotgani yo‘q. Shaxsan mani o‘zim Qozog‘istonga quruq meva chiqazish bilan shug‘illanaman. Manda hech qanaqa hujjat ham yoki patent ham yo‘q. Manda faqat kliyent bor va u kliyentni zakaziga qarab tovar tayyorlanadi. Keyin eksportga ruxsati bor xususiy firmaga topshiramiz va ular yo‘lkirani olib Qozog‘istonni istalgan joyigacha tovarni yetkazib berishadi. O‘zbekistondan qishloq mahsulotlarini chetga eksport qilishda hech qanaqa bojxona to‘lovlari yo‘q. Faqat Vazirlar Mahkamasi huzuridagi komissiya chetga chiqarilayotgan quruq va ho‘l meva va sabzavotlarni O‘zbekistondagi narxini belgilab beradi va xorijdagi mol oluvchi firma usha narxni 50% ini O‘zbekistondagi tovarni jo‘natuvchi firmani hisob raqamiga tashlab berishi kerak. Keyin bank bu haqda ma‘lumotnoma beradi va u ma‘lumotnomani ko‘rib bojxona xodimi tovarni chetga chiqazishga ruxsat beradi. Biz Rossiya va Qozog‘istonga qancha ko‘p mol chiqarsak oddiy dehkonni puli shuncha ko‘payadi. Bu sohani ichida yurib bilganim uchun shunday fikrni yozayapman!!!

Shu bilan birga Muhammad Muhammad fikricha, agar yoqilg‘i narxlari arzonlashtirilsa, meva-sabzavot narxi ham pasayadi.

Muxammad Muxammad: Biz Rossiya va Qozog‘istonga qancha ko‘p mol chiqarsak, oddiy dehvonni qo‘li shuncha ko‘p pul ko‘radi. Agar hukumat narxni arzonlashtirishni xohlasa, avvalo yoqilg‘ini narxini tushirsin va uni O‘zbekistonning hamma joyida davlat belgilagan narxda sotilishini nazorat qilsin. Shunda 10 so‘mlik narsaning narxi iste‘molchini qo‘liga yetguncha 100 so‘mga aylanib ketmaydi.

"Hozir Rossiyada tanlov katta: Turkiya, Eron, O‘zbekiston, Yaponiya. Hammasi o‘zining mahsulotini taklif qilayapti. Ammo ko‘pchilik rossiyaliklar o‘zidagi qishloq xo‘jaligini rivojlantirish tarafdori", deb yozgan Facebookdagi Ali Khan ismli foydalanuvchi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02