Ashxabodda kemiruvchilar ko‘payib ketmoqda

Xabarlarga ko‘ra, Turkmaniston poytaxti Ashxobodda xavfli yuqumli kasalliklar manbasi va tarqatuvchisi bo‘lgan kemiruvchilar ko‘payib ketgan.

"Bu kundan-kunga soni ortib borayotgan kalamush uyalaridan ham ma‘lum", - deyiladi xabarda.

Ayni paytda mamlakatda tulyaremiya va boshqa infektsiyalar yuqtiruvchisi hisoblangan taxtakananing ham tarqalib ketgani aytiladi.

Turkmaniston masalalari bo‘yicha tahlilchi Mekan Navro‘zovga ko‘ra, Turkmaniston, ayniqsa, Ashxabodda dala kemiruvchilari, kalamushlar, burgalar va boshqa kasallik tarqatuvchi jonivorlarning ko‘payib ketgani anchadan beri ma‘lum.

"Shu boisdan, Turkmaniston sog‘liqni saqlash vaziri va sanepidemiologiya boshqarmasi boshliqlari ketma-ket vazifalaridan bo‘shatildilar, kemiruvchilarga qarshi dorilar, asbob-uskunalar sotib olindi; chet ellik mutaxassislar seminarlar, ta‘lim darslari o‘tkazishyapti. Bu choralar samara bermayapti", deydi tahlilchi.

Sabab nima?

Bunga birinchi sabab qilib, mamlakatda ayni muammoga qarshi kurashuvchi malakali mutaxassislar yo‘qligi ekani aytiladi.

"Bundan tashqari, Ashxabodda havo juda issiq; ko‘pqavatli uylarda kanalizatsiya ishdan chiqqan; yerto‘lalar suvga to‘la, natijada yuqoridagi holat yuzaga kelgan", deydi Mekan Navro‘zov.

Ayrim kuzatuvchilar Ashxobodda it va mushuklarning qirib tashlanganini ham kemiruvchilar ko‘payishi ortidagi sabablardan biri sifatida ko‘rsatadilar.

"Daydi it-mushuklar qirib tashlanayotgani ham qisman sabab, lekin asosiysi emas. Ularning o‘zlari ham kasallik tarqatuvchilar sirasiga kiradi", deydi tahlilchi Mekan Navro‘zov.

Uning aytishicha, Turkmanistonning 70 foiz maydoni cho‘l-sahrodan iborat ekan, u azaldan kemiruvchilar uchun manzil bo‘lib kelgan.

"Hukumat hashamatli binolar qurishga, ketma-ket xalqaro anjumanlar o‘tkazishga asosiy diqqatini qaratayotgan payt sanitariya esdan chiqib qolgan", deydi Mekan Navro‘zov.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02