ID amerikalik jurnalistning boshini tanasidan judo qildi

Image copyright AFP

Islomiy Davlat qurolli guruhi AQShlik jurnalistni qatl etish sahnasi tasvirga tushirilgan videoni chiqargan.

Amerikalik jurnalist Jeyms Foley 2012 yilda g‘oyib bo‘lgandi.

Jangarilar qatl Amerikaning Iroqdagi Islomiy Davlat guruhiga qarshi o‘tkazgan havo hujumlariga javob ekanini aytganlar.

Foleyning onasi Diana Facebook orqali o‘g‘li bilan faxrlanishini ma‘lum qilgan: "U o‘z jonini Suriya xalqi iztiroblariga dunyo e‘tiborini qaratish uchun qurbon berdi".

Oq Uyning aytishicha, agar video haqqoniy bo‘lsa, AQSh "larzaga keladi".

Amerikada nashr etiluvchi Global Post va Frantsiyaning AFP axborot agentligi doxil yana qator nashriyalarda ishlagan Jeyms Foley Yaqin Sharqni keng yoritardi.

"Ikkinchi mahbus"

Image caption Islomiy Davlat (sobiq Iroq va Shom Islomiy Davlati) Iroq va Suriyada yirik hududlarni nazorat etadi

"Amerikaga xabar", deb nomlangan videoda kimsasiz sahroda Jeyms Foley ekani ishonilgan shaxs norinj rangli korjomada tiz cho‘kkan holda va uning yonida qora libosli qurolli shaxs tik turgan holda tasvirlangan.

Inglizchani britan shevasida gapirgan va o‘zini Islomiy Davlat guruhining a‘zosi deya tanishtirgan qurolli shaxs jurnalist qatl etilishi AQShning Iroqdagi Islomiy Davlatni bombalashiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob ekanini aytgan.

Video oxirida Amerikalik jurnalist Stiven Sotlof deya tanishtirilgan yana bir mahbus namoyish etilgan va "uning taqdiri Prezident Obamaning navbatdagi qadamiga bog‘liq", degan yozuv paydo bo‘lgan.

Janob Sotlov bir yil muqaddam Suriya shimolida o‘g‘irlab ketilgandi.

Global Post internet nashriyasi bayonot tarqatib, "Jim va uning oilasi haqqiga duo" etishni so‘ragan va videoning haqqoniyligini o‘rganayotganini aytgan.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Filip Hammond mahbus boshining tanasidan judo qilinishi "ushbu tashkilotning naqadar shafqatsiz ekaniga dahshatli misol", - deb aytgan.

Filip Hammondning e‘tirof etishicha, video tasvirdagi jangari britaniyalik bo‘lishi mumkin.

Amerikalik rasmiylar videoni tomosha qilganliklarini va hozirda uning haqqoniyligini aniqlashga urinayotganlarini aytganlar.

Prezident Obama ham xabardor etilgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02