G‘azoda "Hamas"ning uch qo‘mondoni o‘ldirildi

Image copyright AFP

Isroilning G‘azodagi uylardan birini nishonga olishi natijasida "Hamas" guruhining uch yuqori lavozimli qo‘mondoni halok etilgan.

Xabarlarga ko‘ra, Muhammad Abu Shamala, Muhammad Bahrum va Raid al-Attar Rafah shahri yaqinidagi hujumda o‘ldirilganlar.

BBC muxbirining xabar berishicha, halok etilgan qo‘mondonlar 2006 yili isroillik askar Gilad Shalidni olib qochish, shuningdek, G‘azoda yer osti yo‘llari tizimini barpo etish va noqonunuiy ravishda qurol-yarog‘larni olib kelish amaliyotlarida muhim o‘rin tutganlar.

Al-Attar 2011 yili Gilad Shalid ozod etilgan vaqti uni mashinadan olib chiqib Misr rasmiylari qo‘liga topshirayotgan vaqti tasvirga tushirilgan.

Muhammad Abu Shamala esa Isroil askarini o‘g‘irlash rejasini tuzish uchun mas‘ul bo‘lgan shaxs sifatida ko‘riladi.

Ikki o‘rtada hujumlar seshanba kuni Qohiradagi muzokaralar to‘xtab qolganidan so‘ng qayta boshlanib ketgandi.

O‘sha kunining o‘zida harbiy qo‘mondon Muhammad Deifning rafiqasi va farzandi o‘ldirilgandi.

Aytilishicha, Deifning o‘zi hujumdan omon qolgan.

Olti haftadan beri davom etayotgan hujumu to‘qnashuvlar oqibatida shu vaqtgacha 2103 kishi halok bo‘lgan. Ulardan 67 kishi isroillikdir.

Halok bo‘lgan falastinliklar orasida tinch aholi vakillari aksariyatini tashkil qiladi.

Isroil harbiylarining aytishlaricha, o‘tgan kecha G‘azodagi 20 dan ortiq nishonga hujum uyushtirilgan.

Ularga ko‘ra, Qohiradagi muzokaralar to‘xtab qolganidan beri falastinliklar tomonidan 213 raketa otilgan.

AFP agentligi bergan tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, o‘tgan kechadagi hujumlar oqibatida kamida yana 6 falastinlik, jumladan 4 yosh bola ham o‘ldirilgan.

"Hamas" Isroil bilan uzoq muddatli tinchlikka erishish muzokarlaridan bosh tortganligini tasdiqlagan.

Muzokarlarda "Hamas" G‘azo qamalini bekor qilish, dengiz va havo yo‘llarini ochishni talab qilmoqda edi.

Isroil esa o‘z navbatida "Hamas" va boshqa falastinlik guruhlarning qurolsizlanishini talab qilmoqda.

BMT ikki o‘rtada qayta boshlangan zo‘ravonliklardan "chuqur taasufda" ekanligini bildirgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02