Rossiya yordam karvoni Ukraina hududiga kirdi

Image copyright EPA
Image caption Rossiya yordam karvoni Luhansk tomon borayotgani xabar qilinadi

Rossiyaning Ukraina sharqi uchun mo‘ljallangan insonparvarlik yordamlari rossiyaparast bo‘lginchilar nazorati ostida bo‘lgan "Izvarino" chegara nuqtasidan o‘tkazilgan.

Yuk mashinalarini o‘tkazishga Rossiya hukumati Ukraina hukumati va Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi bilan kelishmasdan qaror qilgan.

"Izvarino" nazorat-o‘tkazish nuqtasida bo‘lgan muxbirlar xabar berishicha, Rossiya yuk mashinalari Lugansk tomon harakat qilmoqdalar.

Reyter agentligi xaber berishicha, yuk mashinalariga oz sonli rossiyaparast bo‘lginchilar hamrohlik qilmoqda.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ma‘lum qilishicha, Vladimir Putin yordam kolonnasining harakatga kelgani haqida xabardor etilgan.

Qizil Xoch Xalqaro Qo‘mitasining BBCga aytishicha, qo‘mita xodimlari avtokolonnaga hamrohlik qilayotgani yo‘q.

"Biz kecha kechqurun 34ta yuk mashinasi Rossiya va Ukraina chegarachilari va bojxonachilari tomonidan tekshirilganidan xabardormiz. Biz bu jarayonda kuzatuvchi sifatida ishtirok etdik. Kecha tunda Luganskda kuchli otishmalar bo‘lgani uchun mojaroda ishtirok etayotgan taraflarning xavfsizlikni ta‘minlash haqidagi kafolatini ololmaymiz. Biz avtokolonna harakatga kelganini bilamiz, ammo Xalqaro Qizil Xoch xodimlari bu kolonna ichida yo‘q", - deyiladi BBCga yuborilgan maktubda.

Avvalroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi yuklarni Luhanskka yuborish haqida bir tomonlama qaror olinganini bildirgandi.

Ushbu qarorni vazirlik Kiyevning qaror olishni davomli kechiktirayotgani bilan izohlagandi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bunga ortiq "chidab" bo‘lmasligini aytgan.

"Bunday bedodlik va yolg‘onchlikka ortiq chidab bo‘lmaydi", - deyiladi Rossiya TIV chiqargan bayonotda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02