Andijon: “Plansheti yo‘q talabalar darsga kiritilmaydi”

Andijon Davlat Tibbiyot Instituti devorlarida antiqa e‘lon paydo bo‘lgan.

Unda yangi o‘quv yilidan boshlab noutbuk, netbuk va plansheti bo‘lmagan talabalarning darsga qo‘yilmasligi aytiladi.

Ushbu talab ayniqsa kontrakt asosida o‘qiydigan talabalarni shoshirib qo‘ygan.

Bi-bi-si bilan gaplashgan institut ma‘muriyati talabalarga ushbu jihozlarni olishda kredit asosida yordam ko‘rsatishini bildirdi.

Biroq Oliy va O‘rta Maxsus Ta‘lim Vazirligi oliygoh talabi noo‘rinligini ta‘kidlamoqda.

Noutbuk, netbuk va planshet kabi zamonaviy elektron vositalari bo‘lmagan talabalarning darslarga qo‘yilmasligi haqidagi e‘lon tvitter ijtimoiy tarmog‘ida paydo bo‘ldi.

Institutda ta‘lim oluvchi, ismini oshkor qilishni istamagan talabaning Bi-bi-siga ma‘lum qilishicha, oliygohdagi ko‘plab talabalarda bu kabi vositalar yo‘q.

"Kotraktdagilarga qiyin bo‘ladi endi. Shuncha yil o‘qish davomida bu kabi jihozlarga katta ehtiyoj borligini sezmadim. Lekin noutbuki yoki netbuki bor talabalar kelib bemalol foydalanib o‘tirishar edi. Talabni qanday bajarishga hayronman, qo‘limdagi smartfonimni sotsam ham bunaqa jihoz ololmasam kerak", - deydi talaba.

Tibbiyot institutidagi bir yillik shartnoma pullari o‘rtacha 6 million 650 ming so‘m yoki 2841 dollarni tashkil qiladi.

Noutbuklarning eng past bahosi esa 750 ming so‘mdan yoki 320 dollardan boshlanadi.

Andijon Davlat Tibbiyot Instituti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Ibrohim Alimjonov ushbu e‘lonni tasdiqladi va talablarga javob bermaydigan talabalar darsga kiritilmasligini bildirdi.

"Noutbuk yoki netbuk yaxshi. Bo‘lmasa darsga qo‘yilmaydi. Chunki hozir dasturlarimizning hammasi elektron bo‘lib ketdi. O‘zimiz talabalarga kredit asosida ta‘minlab beramiz", - deydi Ibrohim Alimjonov.

Institut prorektori bilan aloqa shu yerda uzildi va u qaytib qilingan qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi. "Bunaqa e‘lon yozish noto‘g‘ri"

Andijonlik inson huquqlar himoyachisi Saidjahon Zaynobiddinov bu kabi talab oldin ushbu institutning o‘qituvchilariga nisbatan bo‘lganligini aytadi.

"Endi o‘qituvchilarning oyligi bor, har xolda ishi shu. Bitta noutbuk olsa o‘qituvchilar uchun yaxshi. Lekin talabalardan bu narsani talab qilishiga qat‘iyan qarshiman. Bu - zo‘ravonlik. Birinchidan, hamma student bir xilmas. Ikkinchidan, aytilgan bu narsalar bilan o‘quv dargohining o‘zi ta‘minlashi kerak", - deydi Saidjahon Zaynobiddinov.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va O‘rta Ta‘lim Vazirligi Andijon Davlat Tibbiyot Iinstituti tomonidan qo‘yilgan talab noo‘rin ekanligini bildirdi.

Vazirlik matbot kotibi Marat Zokirov Bi-bi-si bilan suhbatda talabalarning o‘z ixtiyori bilan bu kabi vositalardan foydalanishi yaxshiligini, biroq ma‘muriyat bunday talab qo‘yishga haqqi yo‘qligini ta‘kidladi.

"Imkoni bo‘lsa olsa yaxshi, bu qo‘llab quvvatlanadi. O‘qishiga kelib foydalansa bo‘ladi. Bunaqa e‘lon yozish noto‘g‘ri. Men hali aniqlashtiraman. Institut qat‘iy talab qo‘yishi mumkin emas. Hammaning ham uni olishga imkoniyati yo‘q", - deydi Marat Zokirov.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02