Ebola inqirozi: virus yuqtirmaslikning 5 yo‘li

Image copyright BBC World Service

Ebola virusi dunyoda eng mudhish kasalliklardan biridir, biroq u grippga o‘xshab havo orqali tarqalmaydi. Shifokorlarning aytishicha uni yuqtirmaslik uchun beshta amalni bajarish kerak.

1. Sovun va suv

Image copyright BBC World Service

Qo‘lingizni muttasil ravishda sovun bilan toza suvda yuvib turing hamda quruq sochiq bilan arting. Qo‘l berib salomlashishdan ham voz kechib turishga to‘g‘ri keladi. Ebola virusi kasal insonning badan suyuqliklari orqali tarqaladi. Ter ham bularning sirasiga kiradi.

2. Tega ko‘rmang

Image copyright BBC World Service

Agarda kimnidur Ebolaga chalingan deb gumonsirasangiz, unga tega ko‘rmang. Bu holat ayniqsa kasal yaqinlaringizga nisbatan shafqatsiz tuyulsa-da, lozimdir, chunki aytilgandek Ebola virusi badan suyuqliklari - teru siydik, qonu mishiq, najosatu tufuk, ko‘zyoshu maniy orqali o‘tadi.

Kasal insonning isitmasi chiqib, mushaklari va suyaklari og‘riydi, tomog‘i qaqraydi, u qusa boshlaydi, uning ichi ketadi. Bundaylarni mumkin qadar tezroq shifokorlarga yetkazish lozim.

3. Jasadlarga ham tegmang

Image copyright BBC World Service

Agarda kimdir Ebola kasalligidan o‘lgan bo‘lsa, uning ham jasadiga tega ko‘rmang. Jasadning ham suyuqliklari orqali Ebolani yuqtirish mumkin. Bularni mutaxassislar ko‘rishi lozim.

4. Ebola tarqalgan mavzelarda hayvon go‘shtini yemang

Image copyright BBC World Service

Ebola kasalligi avvalambor hayvonlardan insonlarga tarqalgan, shuning uchun Ebola tarqalgan yerlarda ovdan kelgan go‘shtni yeyish ta‘qiqlanadi.

5. Sarosimaga tushmang

Image copyright BBC World Service

Mish-mishlarning tarqalishi qo‘rquvni kuchaytiradi. Shifokorlardan qo‘rqmang, ular kasallikni tarqatish uchun emas, balki yordam berish uchun tayinlangan. "Issiq-sovuq" qabilidagi sarqitlar ham kasallikning tarqalishiga olib keladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02