G‘azo otashkesimi: Hamas ham, Isroil ham g‘alabaga erishganlarini aytmoqdalar

Image copyright AFP

26 avgust kuni Isroil va G‘azo bo‘lgasini nazorat qilayotgan Hamas guruhi o‘t ochishni doimiy to‘xtatishga rozi bo‘lganlari haqida e‘lon qildilar.

G‘azodagi 50 kunlik urush 2200 dan ortiq insonning umriga zomin bo‘ldi, bo‘lgaga ulkan vayronalik keltirdi.

Bundan oldin bir necha marotaba otashkesim e‘lon qilingan, biroq tomonlar raqibini o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini buzishda ayblab, Isroil hududiga Hamas raketalari otilishi, Isroilning esa G‘azoni havodan, dengiz va quruqlikdan hujumga tutishi qayta boshlangan edi.

Hamas va Isroil o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha bir-biri bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, Misr hukumati vositachiligida muzokaralar olib bordi.

Doimiy otashkesim e‘lon qilinganidan keyin Isroil bilan Hamas o‘rtasidagi keyingi muzokaralar bir oydan keyin boshlanishi xabar qilindi.

Bu muzokaralarda Isroilning, Hamas qurollarini tashlashi kerak, degan talabi, G‘azoda dengiz bandargohi va aeroport qurish hamda falastinlik asirlarni ozod qilish masalalari muhokama etilishini xabar qilingan.

Seshanba tunida g‘azoliklar otashkesimni shodu-xurramlik bilan nishonlaganlar.

27 avgust kuni ertalab g‘azolik baliqchilar kemalariga o‘tirib baliq ovlash maqsadida dengizga chiqqanlar.

Hamasga ko‘ra, ushbu islomiy guruh G‘azo bo‘lgasida nazoratni qo‘lga olganidan buyon Isroil joriy qilgan qamalni yumshatishga erishilgani katta g‘alabadir.

Isroil esa G‘azoda boshlagan harbiy amaliyotlari ko‘zlangan maqsadga erishganini aytmoqda.

Isroilga ko‘ra, harbiy amaliyotlar natijasida G‘azoda 5200 dan ortiq "terrorchilik maskani", 1000 "terrorchi yo‘q qilingan".

50 kunlik urush natijasida, rasmiylarga ko‘ra, kamida 2140 falastinlik halok bo‘lgan.

Ularning 70 foizdan ortig‘i tinch fuqarolardir.

Isroilning 64 askari, olti tinch fuqaro halok bo‘lgan.

26 avgustdagi kelishuvga ko‘ra, Hamas va G‘azodagi boshqa qurolli guruhlar Isroil hududiga raketa otishni to‘xtatadilar.

Isroil esa G‘azo hududini harbiy uchoqlar, kema va zambaraklardan hujumga tutishni, bo‘lgadagi quruqlik amaliyotlarini to‘xtatadi.

Isroil G‘azo bo‘lgasiga oziq-ovqat, insonparvarlik yordamlari va qurilish materiallarini olib o‘tishni osonlashtirish uchun ko‘proq chegaradan o‘tish nuqtalarini ochadi.

Ushbu talab 2012 yildagi G‘azodagi inqiroz payti o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining bir qismi sifatida qo‘yilgan, biroq hayotga tatbiq etilmasdan qolib ketgan.

O‘zaro kelishuvgaa binoan, Misr ham o‘zining G‘azoning Rafaxiga tutash 14 kilometrlik chegarasini ochishga rozi bo‘lgan.

G‘azo chegaralarini qo‘riqlash Hamas guruhidan Mahmud Abbos rahbarligidagi Falastin ma‘muriyati ixtiyoriga berilishi ko‘zda tutilgan.

Isroil va Misr ushbu kelishuv G‘azoga chetdan qurol-yarog‘ olib kiritilishi oldini olishiga umid qilmoqda.

Shuningdek, Falastin ma‘muriyati qurilish materiallaridan foydalanish ustidan nazorat o‘rnatishi lozim, deyilmoqda.

Isroilga ko‘ra, bundan oldin G‘azoga olib o‘tilgan yuzlab tonna tsement va temir konstruktsiyalari uy qurishga emas, Isroil hududiga hujum qilish maqsadidagi tunnellar qurilishiga sarflangan.

Falastin ma‘muriyati G‘azodagi qayta qurish ishlarini xalqaro donorlar, xususan, Ovro‘po Ittifoqi, Qatar, Turkiya va Norvegiya bilan muvofiqlashtirib turadi.

Isroil G‘azo chegarasiga tutash bufer zonani 300 metrdan 100 metrga qisqartirishi kutilmoqda.

Hozir g‘azoliklar Isroil chegarasiga 300 metrdan kam masofada yaqinlashishlari mumkin emas.

Agar bu masofa 100 metr qilib belgilansa, g‘azoliklarning dehqonchilik bilan shug‘ullanishlariga ko‘proq yer ochiladi.

Hozir Isroil G‘azoni dengizdan ham qamalga olgan, g‘azolik dengizchilarning sohildan 3 dengiz mili yoki 5,5 kilometr masofadan uzoqlikda baliq tutishlari taqiqlangan.

So‘nggi otashkesimga binoan Isroil baliqchilik hududini 6 mil yoki 11 kilometrga kengaytirishga rozi bo‘lgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02