"Qirg‘izistondan ayollarni Suriyaga aldab olib ketishayapti"

Image copyright AFP

Suriyadagi janglarga ishtirok etish uchun Qirg‘izistondan taxminan 70 nafar ayol olib ketilgan.

Bu haqda Bishkekdagi matbuot anjumanida "Korruptsiyaga qarshi kurashga ijtimoiy ko‘maklashish" deb nomlangan nodavlat jamg‘armasi rahbari Nurlan Alimqulov aytgan.

Aliqulovga ko‘ra, Suriyaga ko‘ngillilarni yollash O‘zbekiston doxil boshqa mintaqa mamlakatlari fuqarolari o‘rtasida ham davom etmoqda, lekin mamlakatdan tashqarida.

"Qirg‘izistondan uchoqda Suriyaga uchib ketgan ayollarning ba‘zilari janglarda qatnasha boshlaganlar. Ularni Qirg‘izistondan aldab olib ketishayapti. Suriyaga xotin-qizlarni olib ketayotganlar ularga "katta maosh to‘lanadigan ish topib beramiz yoki turmushga chiqishga ko‘maklashamiz", deb va‘da qilishayapti. Yetib kelishlari bilan ularni kutib olib, qo‘llaridan pasportlarini tortib olib qo‘ymoqdalar", deb aytgan Nurlan Alimqulov.

"Korruptsiyaga qarshi kurashga ijtimoiy ko‘maklashish" jamg‘armasi rahbari aytishicha, hozir Suriyada Qirg‘izistondan borgan erkaklar soni 100 dan ziyod va ayrimlari janglarda ham qatnashmoqda.

"Ularga har oy 5000 AQSh dollar to‘lashga va‘da berganlar", deb aytgan janob Alimqulov.

"Suriyada Qozog‘iston va O‘zbekiston fuqarolari ham bor. Ularni Rossiyada yollashayapti. O‘zbekistonda qonunlar qattiq bo‘lgani tufayli u yerda yollab bo‘lmaydi", deb aytgan Qirg‘iz nohukumat tashkiloti rahbari.

Qirg‘izistonning sobiq ombudsmani, hozir "Markaziy Osiyo inson huquqlari kongressi" rahbari Tursunbek Akun aytishicha, Suriyadagi urushga Qirg‘iziston fuqarolarini jalb qilish hatti-harakatlari Turkiyada davom etmoqda.

Qirg‘iziston hukumati rasman e‘lon qilishicha, qirg‘izistonliklarni Suriyadagi urushga qatnashishi oldini olish maqsadida qo‘shma amaliyotlar o‘tkazish maqsadida Qirg‘iziston bilan Turkiya huquq-tartibot idoralari o‘zaro kelishib olganlar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02