Nima uchun hamma "al-Qoida" xonimning "dardi"da?

Nufuzli "Foreign Policy" jurnalida chop etilgan butunboshli maqola xuddi shu savolga javob topishga qaratilgan.

So‘z kim haqida borayotgan ekan desangiz, ham pokistonlik mulozimlar, ham Tolibon harakati va ham "Islomiy Davlat" guruhi ozod etilishini xohlayotgan Aifa Siddiqiy haqida.

42 yoshli Aifa xonimning o‘zi to‘rt yildirki, amerikaliklarning qamoqxonasida saqlanadi.

U asli pokistonlik, ammo AQShda tahsil olgan va hatto, doktorlik maqomiga ham erishgan neyrolog.

Agar, jurnalda keltirilgan ma‘lumotlarga tayanilsa, Aifa xonim Afg‘onistonda yonida tsianli natriy hamda kimyoviy, "Ebola" virusilik biologik qurol va qo‘lbola bomba yasashga oid qo‘llanma bilan birga qo‘lga olingan.

AQSh Federal Qidiruv Byurosi xodimlari va harbiylar uni so‘roq qilishga urinishganida esa, stolning ustida turgan to‘pponchani olib, ularga qarata o‘t ochgan, deyiladi ushbu maqolada.

Xavfsizlik doiralarida "al-Qoida xonim" nomi bilan mashhur bo‘lgan Aifa Siddiqiy, yana shuningdek, Nyu-York va Vashingtonda uyushtirilgan 2001 yil 11 sentyabr hujumlari "ustaboshisi" Xolid Shayx Muhammadga ham aloqador, deb ko‘riladi.

Xabarlarga ko‘ra, AQShda oliy tahsilini yakunlab, Pokistonga qaytgan Aifa xonim Xolid Shayx Muhammadning qarindoshiga turmushga chiqqan bo‘lgan.

U o‘z vaqtida AQSh Federal Qidiruv Byurosi iziga tushgan "eng xavfli terrorchilar" ro‘yxatida ham bo‘lgan.

Olima "al-Qoida" tarmog‘ining Yamandagi bo‘limini moliyalash ishlarida ham faol bo‘lgani ishoniladi.

Joriy paytda esa, Aifa xonim Amerikaning Texas shtatida 86 yillik qamoq jazosini o‘tamoqda.

2010 yilda Nyu-York mahkamasi uni Afg‘onistondagi amerikalik josuslik mulozimlarini o‘ldirishga urinishda aybdor, deb topgan.

Image copyright BBC World Service

Maqola tafsilotlaridan xulosa qilinishicha, o‘tgan to‘rt yil mobaynida pokistonlik mulozimlar qolib, Tolibon harakati va Ayman az-Zavohiriy boshchiligidagi "al-Qoida" tarmog‘i ham mahbusa evaziga amerikalik va britaniyalik tutqunlarini qo‘yib yuborish taklifi bilan chiqishgan.

Yaqindagina Iroqdagi "Islomiy Davlat" guruhi avvaliga amerikalik jurnalist Jeyms Fouley, keyin esa, 26 yoshli amerikalik yordam xodimasini pokistonlik bu mahbusaga ayirboshlamoqchi bo‘ldi, deb yozadi jurnal.

Shunday ekan, nega har bir jihodiy guruh "al-Qoida" xonimning qo‘yib yuborilishi istagida?

Xuddi shu savol manzarasida jurnal Aifa xonimning hodisasi Pokistonda qanchalik katta shov-shuvga sabab bo‘lganiga e‘tibor qaratadi.

Uning uzoq yillik qamoq jazosiga hukm etilishi o‘sha paytda Pokistonda qator norozilik namoyishlariga sabab bo‘lgan, barcha yirik nashrlarning bosh mavzusiga aylangandi.

AQSh Davlat Departamentining bundan bir necha yil oldin WikiLeaksga chiqib ketgan maxfiy yozishmalaridan ayon bo‘lishicha, ayrim maqolalarda "Amerika keskin tanqid qilingan va Aifa xonim muslima bo‘lgani uchun bu kabi kuylarga solingani aytilgan".

Ba‘zi bir pokistonliklar esa, uni ozod etishga muvaffaq bo‘lmagani va buncha uzoq yillik qamoq jazosidan qutqarib qolmagani uchun o‘z hukumatlarini tanqid qilishgan.

Bu kabi tanqidlar keyinchalik rasmiy Islomobodga qarshi qaratilgan ayblovlarga aylangan, ular hukumatni yillarki o‘zlarini dron hujumiga tutib kelayotgan Amerika bilan juda apoq-chapoq bo‘lishda ayblashgan.

Xuddi shu o‘rinda esa, o‘zlarini "Aifa Siddiqiy Brigadasi", deb atab olgan jangarilar uning ustidan bo‘lib o‘tgan "adolatsiz mahkama" va "yanglish hukm"dan qasos olish maqsadida o‘tgan to‘rt yil davomida hukumat binolarini hujumga tutib kelishmoqda, deb yozadi "Foreign Policy".

Ammo, Aifa xonimning ishidan xabardor amerikalik mulozimlarning aytishlaricha, prezident Barak Obamaning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchilari zudlik bilan bu kabi takliflarni rad etishgan.

Image copyright Getty

Ularning aytishlaricha, "al-Qoida" tarmog‘iga aloqasi bor, deb ko‘rilgan va Afg‘onistondagi amerikaliklarni o‘ldirishga qasd qilishda aybdor, deb topilib hukm etilgan mahbusni ozod etish Amerika hukumatining terrorchi guruhlarga yon bermaslik siyosatiga to‘g‘ri kelmaydi.

Ustiga ustak, ularning nazdlarida bu – xavfli jangarini erkinlikka chiqarish bo‘ladi.

Ammo jurnalning amerikalik ayrim huquqshunoslarning so‘zlariga tayanib yozishicha, AQSh Mudofaa vazirligida ishlovchilar orasida bu ishga xayrixohlari ham yo‘q emas.

Maqola tafsilotlaridan ayon bo‘lishicha, bu kabi gap-so‘zlar, ayniqsa, amerikalik jurnalist Jeym Fouleyning qatl etilishi ortidan yanada qizigan.

Ammo AQSh ma‘muriyati yuqori martabali mulozimlariga ko‘ra, vazirlik bu borada o‘zlariga biror bir rasmiy taklif bilan chiqmagan.

Ekspertlarning ta‘kidlashlaricha esa, qonuniy jihatdan bu jarayon oson kechmaydi.

Biroq na "al-Qoida", na Tolibon va na "Islomiy Davlat" Amerikaning bu kabi mavqeini anglab yetmayotgan ko‘rinishadi, deb yozadi "Foreign Policy".

Maqola so‘nggida jurnalning ABC News televizion kanali web sahifasida chop etilgan maktublaridan iqtibos keltirishicha, oila a‘zolari Iroqdagi jihodiy guruh Aifaning nomini o‘z "oldi-sotdilari"ga tirkayotganidan "chuqur qayg‘udalar".

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02