Ijtimoiy minbar: Mustaqillik sizga nima berdi?

Image caption Prezident Islom Karimov rasman mustaqillikning asoschisi va g‘oyaviy rahnamosi hisoblanadi

1 sentyabr kuni O‘zbekiston o‘z mustaqilligining 23 yilligini nishonlaydi.

Hukumat mustaqillik yillarida O‘zbekiston jahon hamjamiyatining to‘laqonli a‘zosi bo‘lgani, erkin va demokratik huquqiy jamiyat barpo etilganini urg‘ulab keladi.

Avvalroq Prezident Islom Karimov mustaqillikning 23 yilligiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish haqidagi maxsus qarorga imzo chekkan va unda O‘zbekiston "qoloq agrar respublikadan bugungi kunda sanoati tez sur‘atlar bilan o‘sib borayotgan zamonaviy davlatga aylangani" aytilgan.

Qarorda mustaqillik yillarida "O‘zbekiston iqtisodiyoti 4,1 barobar, aholining yalpi real daromadlari jon boshiga 8,2 karra oshgani, keyingi 9 yil davomida mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur‘ati 8 foizdan kam bo‘lmasdan kelayotgani" ta‘kidlanadi.

Ayni paytda Britaniyada chop etiladigan nufuzli The Economist nashri O‘zbekistonda aholining qariyb 77 foizi qashshoqlikda turmush kechirayotgani haqida yozgan.

Shu oy boshida The Economist tahlilchilari tomonidan tayyorlangan "Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha global indeks"da O‘zbekistondagi ahvol dunyodagi eng yomon ko‘rsatkichlardan biri ekani aytilgan.

Siyosiy erkinliklar bilan bog‘liq ahvol esa bundan ham yomon deb ta‘riflanadi.

O‘zbekiston dunyoda chiqish vizasini saqlab qolgan, propiska tartibi va milliy valyutaning qora bozori hanuz amal qiladigan sanoqli davlatlardan biridir.

Mahalliy faollar Prezident Karimov boshqaruvi sobiq sovet tuzumining eng yomon jihatlarini saqlab qolgani, hokimiyat ustidan jamoatchilik nazoratining yo‘qligi, mahalliy amaldorlarning o‘zboshimchalik va fuqarolarning haq-huquqlariga nisbatan bepisandligidan shikoyat etib keladilar.

Mustaqil tahlilchilarga ko‘ra, 1989 yilgacha barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchilik qilgan O‘zbekiston mustaqillik yillarida mintaqada liderlikni qo‘ldan boy bergan.

Siz O‘zbekiston mustaqilligining 23-sanasini qanday qarshi olayapsiz?.

So‘nggi yillarda hayotingiz qaysi tomonga o‘zgardi?.

Sog‘lik, ta‘lim va boshqa ijtimoiy sohalardagi o‘zgarishlarni qanday baholaysiz?.

FikrlaringizniFacebook, Google+, Odnoklassnikidagi BBCUzbek sahifalarida qoldiring.

Whatsapp raqamimizga ovozli sharhlaringizni ham yo‘llashingiz mumkin: +44 78-58-86-00-02.