O‘zbekiston Eboladan "xavotirda"mi?

Sport kurashi bo‘yicha jahon chempionatiga sanoqli kunlar qolarkan, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi g‘arbiy Afrikaning ushbu xastalikdan eng ko‘p ziyon chekkan davlatlari vakillarini mezbon Toshkentga taklif etish-etmaslik masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, 21 avgust kuni Xalqaro Kurash Federatsiyasi ushbu masalaga oydinlik kiritishlarini so‘rab, vazirlikka so‘rovnoma yuborgan.

O‘zbekiston Bosh sanitar vrachi Saidmurod Saidaliyevning BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, hozir vazirlik mutaxassislari ushbu so‘rovnomani ko‘rib chiqishmoqda va kelasi ikki-uch kun ichida bu xususda bir qarorga kelishadi.

"Hozir biz bu masalani chuqur o‘rganib chiqayapmiz. Hamma tomonlarni inobatga olib, ichki vaziyatimizdan kelib chiqqan holda hal qilamiz bu masalani", - deydi janob Saidaliyev.

Sport kurashi bo‘yicha jahon chempionatining o‘zi esa, 8-14 sentyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadi.

Agar, O‘zbekiston Kurash Federatsiyasining rasmiy web sahifasidagi xabarlarga tayanilsa, so‘z g‘arbiy Afrikaning Ebola xastaligidan eng ko‘p ziyon chekkan besh davlati: Gvineya, Liberiya, Serra-Leone, Nigeriya va Kongo haqida bormoqda.

Ushbu xabarda, "O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi FILAga bu xususda o‘z javob maktubini yo‘llagani" aytilarkan, undan ayrim iqtiboslar ham keltiriladi.

Ularning umumiy mazmunidan ayon bo‘lishicha, vazirlik "Ebola xastaligining tarqalishi bilan bog‘liq bugungi vaziyatni nazarda tutib, bu besh davlatdan bo‘lgan kurashchilarni jahon chempionatida ishtirok etish uchun Toshkentga taklif etishdan tiyilishni tavsiya qilgan".

O‘zbekiston Kurash Federatsiyasi o‘z rasmiy web sahifasida ayrim o‘rinlarini keltirib o‘tgan ushbu maktub tafsilotlaridan ma‘lum bo‘lishicha, "Afrika qit‘asining boshqa davlatlaridan bo‘lgan kurashchilar ham Toshkentga kirishda tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi. O‘zbekistonda ekanliklari chog‘ida ham ular tibbiy nazorat ostida bo‘lishadi".

Xalqaro Kurash Federatsiyasi matbuot kotibining BBC O‘zbek Xizmatiga bildirishicha, g‘arbiy afrikalik kurashchilar masalasini hanuz o‘zbekistonlik hamkasblari va O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi mas‘ullari bilan muhokama qilishmoqda va tez orada bu borada yagona bir to‘xtamga kelishadi.

Hozircha aniq davosi topilmagan Ebola virusi dunyodagi eng mudhish kasalliklardan biri sanalmoqda.

Ushbu xastalik ilk bor 2010 yilning mart oyida rasman qayd etilgan.

Image copyright

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ma‘lumotlariga ko‘ra, xastalik shu paytgacha 1.400 dan ortiq kishining umriga zomin bo‘lgan.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti yaqinda ushbu xastalik virusini xalqaro miqyosdagi tahdid, deb e‘lon qilgandi.

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, shu paytga qadar Ebola epidemiyasi ko‘lami bu qadar katta bo‘lmagan.

Ebola virusi kasal insonning badan suyuqliklari orqali tarqaladi. Ter ham bularning sirasiga kiradi.

Hozirga qadar 2.600 dan ortiq kishi ushbu xastalikni yuqtirgani ishoniladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02