Sayram: o‘zbek va qozoq yoshlari janjali

Image copyright none
Image caption Qoramurt qishlog‘i aholisi hujum "kutilmaganda sodir bo‘lganini" aytishadi. (Suratlar O‘zbekiston Xalq Harakati websahifasidan olindi)

Janubiy Qozog‘iston viloyatining Sayram tumanidagi Qoramurt qishlog‘ida qozoq va o‘zbek millatiga yoshlar o‘rtasida to‘polon kelib chiqqan.

Guvohlarga ko‘ra, to‘polon oqibatida qishloq markazidagi do‘kon va mashinlarning oynasini sindirilgan, 4 kishi jarohat olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Qoramurt qishlog‘ining asosiy aholisini o‘zbeklar tashkil qiladi.

Xabarlarga ko‘ra, 27 avgust kuni tushdan keyin Qoramurt qishlog‘i markaziy ko‘chasiga armatura va boshqa asboblar bilan qurollanib olgan qozoq millatiga mansub yoshlar kelib, bu yerdagi do‘kon va mashinalarning oynalarini sindirishgan.

Qo‘shni Madaniy qishlog‘idan kelgan ellikka yaqin qozoq yigiti 17 ta avtomobil va 8ta do‘konning oynalarini sindirib, 10 daqiqaning ichida g‘oyib bo‘lishgani aytilmoqda.

Kutilmagan to‘polon

Qoramurt qishlog‘idagi bir do‘kon egasi BBC bilan suhbatda hammasi kutilmaganda boshlanganligini aytdi.

"30-50 nafar atrofida Madaniyning bolalari keldi. Markaziy ko‘chaning boshidan oxirigacha yo‘lda nima bo‘lsa - taksi, do‘kon hammasini qiyratib, toshbo‘ron qilib ketishdi" - deydi do‘kondor.

Ismini oshkor qilishni istamagan bu do‘kondorga ko‘ra, uning do‘koni boshqa ko‘chada bo‘lgani uchun zarar yetmagan, lekin mashinasi oynasini sindirishgan.

Shohidlarga ko‘ra, bu paytda ko‘chada mijoz kutayotgan kirakash haydovchilar jarohat olishgan.

Guvohlar bostirib kelgan yigitlarning qo‘lida pnevmotik to‘pponcha va ov miltiqlari ham borligini aytmoqda. Biroq ushbu xabarni Ichki ishlar departamentidan tasdiqlatishning imkoni bo‘lmadi.

To‘qnashuvdan so‘ng mahalliy aholi hokimiyat oldiga yig‘ilgan. Viloyat hokimiyati va prokuraturasi vakillari yig‘ilganlarni tinchitishgan va to‘polonda qatnashganlar jazolanishini aytishgan.

Image copyright none
Image caption Hujum qilgan qozoq yoshlari bir nechta do‘kon va mashinaning oynalarini sindirishgan

Rasmiylar shuningdek, yetkazilgan moddiy zarar ham to‘liq qoplanishini aytganlar.

"Nizo milliy emas"

Qoramurt qishlog‘i joylashgan Sayram tumani hokimi Valixon Qaynazarov "Interfaks-Kazaxstan" agentligiga janjalni qo‘shni Madaniy qishlog‘idan kelgan yigitlar sodir qilganini tasdiqlagan.

Hokimning aytishicha, to‘qnashuvdan ikki kun oldin Tolebi tumanida joylashgan Madaniy qishlog‘ida yashovchi ikki yigit Qoramurt qishlog‘idagi do‘kon egasi bilan tortishib qolganlar. Buning ortidan ushbu janjal kelib chiqqan.

Janubiy Qozog‘iston viloyati O‘zbek madaniyat markazi rahbari Islomjon Hoshimjonov qishloqda bo‘lgan ushbu hodisa millatlar o‘rtasida janjal emas, balki shunchaki bezorilik ekanini ta‘kidladi.

"Qoramurtdagi hodisadan xabarimiz bor. Buni bezorilik deydi. Aslo millatlararo nizoga yo‘yib bo‘lmaydi. Sababi, hammasi - bir qishloqning bolalari" - deydi Islomjon Hoshimjonov.

Oldinroq ayrim axborot agentliklari qishloqda kommendantlik soati joriy qilinganini yozgandi. Biroq rasmiylar ushbu xabarni rad qilishmoqda.

Sayram tumani ichki ishlar boshqarmasi Qoramurtga o‘ndan ortiq politsiya xodimi yuborilganini aytadi.

Hodisa yuzasidan hozir 3 kishi qo‘lga olingani aytilmoqda. Tuman hokimining bildirishicha, bu ikki qishloq oqsoqollari aslida nima sodir bo‘lganini o‘rganish uchun o‘zaro maslahatlashmoqdalar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02