Ukraina inqirozi: NATO favqulodda yig‘ilish o‘tkazmoqda

Image copyright c
Image caption Payshanba kuni NATO Ukrainadagi Rossiya qo‘shinlarining sun‘iy yo‘ldoshdan olingan suratlarni e‘lon qilgan

NATO rasmiylari sharqiy Ukrainadagi vaziyatni muhokama qilish uchun favqulodda yig‘ilish o‘tkazishmoqda.

Prezident Obama Rossiya Ukrainadagi zo‘ravonliklar uchun mas‘ul ekanini aytgan.

Payshanba kuni NATO Ukraina ichkarisidagi Rossiya qo‘shinlari ekani aytilgan kuchlarning sun‘iy yo‘ldoshdan olingan suratlarini e‘lon qilgan.

NATOga ko‘ra, Ukraina sharqida 1000 dan ortiq rus harbiylari jang qilmoqda.

Moskva Ukraina sharqiga qo‘shin yuborganini rad etadi.

Image copyright AP
Image caption Payshanba kuni bo‘lginchilar Novoazovsk shahrini zabt etishgan

Ayni paytda strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Azov dengizi bo‘yidagi Mariupol shahrida janglar davom etmoqda.

Payshanba kuni bo‘lginchilar Novoazovsk shahrini zabt etishgan.

Isyonchilarning ilgarilab borishi Kreml quruqlikdan Rossiya va Qrimni bog‘laydigan yo‘lak yaratmoqchi, degan xavotirlarni uyg‘otgan.

Rossiyaparast bo‘lginchilar Donetsk yaqinida Ukraina hukumat kuchlarini qurshab olgani xabar qilinadi.

Insonparvarlik yo‘lagi

Image copyright Reuters
Image caption Putin birinchi marta bo‘lginchilarga nisbatan "Novorossiya" iborasini ishlatgan

Jumaga o‘tar kechasi Kremlning rasmiy saytida Prezident Putinning "Novorossiya ko‘ngillilariga murojaati" chop etilgan.

Unda Rossiya prezidenti Ukraina sharqida qurshovda qolgan ukrain askarlariga "insonparvarlik yo‘lagi" yaratib berishni taklif qilgan.

Oradan ko‘p o‘tmay, o‘zini Donetsk Xalq Respublikasi deb atovchi bo‘lginchilarning "bosh vaziri" Aleksandr Zaxarchenko "Rossiya 24" telekanalida ushbu rejani qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini aytgan.

Avvalroq Zaxarchenko o‘z saflarida rossiya harbiylarining ham jang qilayotganini tan olgan edi.

Ayni paytda bo‘lginchilar rahbari buning uchun Ukraina Milliy gvardiyasi og‘ir qurol va o‘q-dorilarni o‘zlariga topshirishi kerakligini ta‘kidlagan.

O‘z murojaatida Putin birinchi marta bo‘lginchilarga nisbatan "Novorossiya" iborasini ishlatgan.

Putin shuningdek, Ukraina hukumatini jangovar harakatlarni to‘xtatish va Donbass vakillari bilan muzokaralarni boshlashga chaqirgan.

"Javobsiz qolmaydi"

Image copyright Reuters
Image caption Obama Ukrainadagi zo‘ravonliklar uchun Rossiya mas‘ul ekkanini aytgan

Payshanba kuni Ukraina Prezidenti Pyotr Poroshenko Rossiya Ukraina sharqiga qo‘shin kiritganini e‘lon qilgan.

AQSh Prezidenti Barak Obama Rossiya qo‘shinlari Ukrainada jang qilayotgani "butun dunyoga ayon" ekanini aytgan.

Janob Obamaga ko‘ra, bu yerda so‘z Ukrainaning mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qasddan va qayta-qayta buzish haqida bormoqda.

Prezident Obama Moskva Ukraina sharqidagi bo‘lginchilarni tayyorgarlikdan o‘tkazish, qurollantirish va moliyalash uchun ham mas‘ul ekanini aytgan.

Image copyright AP
Image caption BMTga ko‘ra, Ukrainadagi qurbonlar soni 2593 kishiga yetgan

U Moskvaning bu harakatlari javobsiz qolmasligi haqida ogohlantirgan.

Prezident Obama kelasi hafta Britaniyada o‘tadigan NATO sammitida Ovro‘po rahbarlari bilan Ukraina iniqrozini muhokama qiladi.

Birlashgan Millatlarning so‘nggi hisobotiga ko‘ra, Ukrainada shu yilning aprel oyi o‘rtalaridan boshlab 27 avgustga qadar 2593 inson halok bo‘lgan va 5 mingdan ortiq odam yaralangan.

BMTga ko‘ra, odam o‘g‘irlash va qiynoqqa solish hollari uchun asosan bo‘lginchilar mas‘ul.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02