Islomiy Davlat: Jihodiy guruh yordamni qayerdan oladi?

Image copyright Reuters

Fors ko‘rfazidagi ko‘plab davlatlar Iroq va Suriyadagi Islomiy Davlat (ID) ekstremistlarini moliyalashda ayblanadi.

Ammo Qatardagi Birlashgan Xizmatlar Institutining direktori Maykl Stefens tushuntirishicha, yuzaga kelgan vaziyat aytilganidan ko‘ra ancha murakkabdir.

ID olgan yordamlarning aksari donorlar va ularga xayrixoh bo‘lganlar, ayniqsa, boy ko‘rfaz davlatlaridan kelishi haqida ko‘plab maqolayu risolalar bitilgan.

Men bu ayblovlarni asosan Iroq va Suriyada IDga qarshi jang qilayotganlardan eshitaman.

Ularning ishonishicha, IDning mavjudligiga faqat Qatar, Turkiya va Saudiya Arabistoni aybdor.

Ammo haqiqat bundan ko‘ra ancha murakkabroq va u chuqur tadqiqot o‘tkazishni taqozo etadi.

Suriyadagi ifrotiy guruhlarni ko‘rfazdagi ba‘zi boy shaxslar moliyalaganini inkor etib bo‘lmaydi.

Vaqtida millionlab dollar mablag‘lar Turkiyaga olib borilgan va qo‘ldan-qo‘lgan o‘tgan.

Bu tajriba, ayniqsa, 2012 va 2013 yillarda keng tarqalgandi, ammo hozirga kelib mutlaqo qolmadi hisobi.

2014 yilda juda oz mablag‘ ko‘rfaz davlatlaridan ID xazinasiga borib tushgan.

Suriya prezidenti Bashar Assad tez qulaydi degan o‘y bilan Saudiya Arabistoni va Qatar islomiy aqidaga asoslangan guruhlarni moliyalagani ham bor gap.

Bunday yordamdan bahramand bo‘lganlar sirasiga Liva al-Tavhid, Ahrar al-Sham, Jaysh al-Islam kabi guruhlar kirardi.

Bu guruhlarning barchasi Suriyadagi al-Qoida qanoti - al-Nusra Jabhasi bilan xufiya aloqalarga ega edi.

Ayniqsa, Qatar bu guruh bilan zimdan aloqa qurganlikda ayblanib, tanqidlarga uchragan.

O‘z navbatida Turkiya ham ziddiyatli siyosat yuritdi.

Turkiyaning Suriya bilan bo‘lgan umumiy chegaralaridan Qatar va Saudiya dastagida qurol-yaroq va pullar o‘tib turdi.

Bu mamlakatlarning barchasi isyonchi guruhlarga dastak berish bilan janob Assad rejimini ag‘darish va Suriyani sunniylar dunyosiga ochishga umid qilgan edilar.

Ammo ID 2013 yilda nihoyat kuchaydi. Ko‘rfaz davlatlari dastaklagan guruhlar bu guruh tomonidan yo butunlay yo‘q qilindi, yo bo‘lmasa, o‘z qurol-aslaha va mablag‘lari bilan uning saflariga qo‘shildi.

Ular orasida faqat al-Nusra o‘z mavqe‘ini o‘zgartirmadi va IDga qo‘shilmaslikni ixtiyor qildi.

Ammo ushbu jabhadan ham, taxminlarga ko‘ra, 3 mingga yaqin jangchi ID saflariga o‘tib ketgan.

Xo‘sh, Qatar Islomiy Davlatni moliyaladimi? Ochiqsasiga yo‘q, dastaklamadi. Ammo, chuqur o‘ylanmagan siyosat va soddadillik Qatar moliyalagan qurol-aslaha va pullarning ID qo‘liga o‘tib ketishiga yo‘l ochdi.

Xuddi shu zaylda Saudiya Arabistoni ham janob Assadni hokimiyatdan chetlataman deya noto‘g‘ri ittifoqchilarni tanladi.

Shu nuqtada ikkala mamlakat ham o‘zlari bosgan qadamlarning qayta sarhisobini qilishlari kerak bo‘ladi.

Minglab chaqirim oldinda

IDga ko‘mak berish masalasi undanda chuqurroq muammolarga borib taqaladi; guruhning diniy rishtalari va unga bo‘lgan xayrixohlik shia davlati bo‘lgan Eronning mintaqadagi manfaatlariga qarshi qaratilgan.

ID tomonidan sodir etilgan qo‘rqinchli amallarni hech kim dastaklamaydi, ammo undagi xalifatning barpo etish orzusi Islom dunyosining ba‘zi nuqtalarida dastakdan bahramand bo‘lishi shubhasiz.

Guruh g‘oyasini dastaklaganlarning ko‘plari allaqachon Suriyaga yo‘l olganlar, bu g‘oya uchun jang qilganlar hamda Islomiy Davlat va boshqa guruhlar uchun jonlarini fido qilganlar.

Qolganlari esa uni zimdan qo‘llab-quvvatlamoqda va bu xayrxohlik hali uzoq yillar davom etadi.

IDning o‘z say harakatlari bilan o‘ta yirik muvaffaqiyat qozondi: guruh o‘z saflariga yosh yigit-qizlarni jalb etish uchun o‘nlab tillarda matbuot targ‘ibotini yo‘lga qo‘ydi va bu sohada boshqa guruhlarga nisbatan ancha yaxshi ko‘rsatkichlarga erishdi.

Har sohada - xoh u jangu jadallar bo‘lsin, xoh tashkilotchiligu hokimiyat idorasi - ID mintaqada faoliyat ko‘rsatayotgan guruhlardan minglab chaqirim o‘zib ketdi.

"Urush iqtisodiyoti"

Islomiy Davlat davlatchilikni tiklash uchun zarur bo‘lgan barcha ishlarga anjom bermoqda - vazirliklar, mahkamalar va hattoki soliq tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

ID Suriya va Iroq hududlarini ishg‘ol eta boshlaganidan buyon ayni idoriy tizim tizginini qo‘lida ushlab turibdi.

Guruh bir shaharni bosib olishi bilanoq mintaqadagi suv inshootlari, oziq-ovqat va yonilg‘i shaxobchalarini o‘z nazoratiga oladi, taqsimotni markazlashtiradi va mahalliy aholini o‘ziga qaram qilib oladi.

ID bir kunda 9,000 barrel neftni 25-45 dollarga sotadi.

Neft daromadining bir qismi kurd vositachilari orqali Turkiyaga yuboriladi, bir qismi IDning ichki iste‘moliga sarflanadi va bir qismi Assad rejimiga ketadi.

Assad rejimi neft evaziga guruhga qurol-yaroq sotadi.

"Bu an‘anaviy - urush iqtisodiyoti", deydi Jeymstaun Jamg‘armasining tahlilchisi Vladimir van Vilgenburg.

Shubhali bitimlar va hayratlanarli ittifoqlar borgan sayin Livanda fuqarolar urushida yuz bergan hodisalarga o‘xshab bormoqda.

Livan fuqarolar urushi paytida ham dushman bo‘lgan guruhlar bir tomondan bir-biriga qarshi jang qilsalar, ikkinchi tomondan tijoriy hamkorlik qilishardi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02