Odamlarni hokimiyat va kuch tizimlaridan himoya qilayotgan O‘ktam Pardayevga savol bering

Image caption O‘ktam Pardayev insonlar huquqlarini himoya qilishga intilgani uchun qamalgan va qo‘rqitilgan

O‘ktam Pardayev - asosan, mahkamalar, hokimlar va kuch tizimlari qo‘lida aziyat chekayotgan o‘zbeklarga yordam berishga intilayotgan inson huquqlari faoli.

Bu faoliyati uchun u O‘zbekistonda ba‘zan qamoqqa tashlanmoqda, ba‘zida qo‘rqitilmoqda va yo bosim ostiga olinmoqda.

"Menga organ xodimlari tahdid qilib, seni qamab yuboramiz, "Jasliq"da joy tayyorlab qo‘yilgan, deyishgan" - eslaydi O‘ktam Pardayev.

Biroq u o‘zi yashaydigan Jizzaxda inson haqlari amaldorlar va kuch tizimi vakillari tomonidan qattiq poymol bo‘layotgani bois ham huquq himoyachiligidan voz kechmoqchi emas.

"Har oyda kamida 50-60 odam shikoyat bilan yordam istab keladi" - deydi huquqbon - "Imkon qadar maslahat beramiz yo dardini yoritadigan matbuotga yetkazamiz".

"Nafaqaxo‘r keksalar o‘zlari ishlatmagan kommunal xizmat, allaqanday lotereya yo nashrlarga majburan pul o‘tkazishmoqda. Bolalar pulini olishga borgan onalarni paxta dalasiga chiqib ishlamasang, pulingni olmaysan, deb qaytarishadi" - davom etadi O‘ktam Pardayev - "Bu yoqda amaldor va kuch tizimlari qo‘lida farnazdlari kaltaklanayotgan ota-onalar kelishadi".

O‘ktam Pardayev bolalar mehnati hamon O‘zbekistonda dolzarbligini aytadi.

"To‘g‘ri, hozir maktab o‘quvchilari paxtaga chiqishmaydi. Ammo kollej talabalari dalada ishlatilmoqda, axir ular hali 15-16 yashar bolajonlar-ku".

O‘ning aytishicha, faoliyati bois kuch tizimlari gohida yaqinlarini MXXga chaqirib qo‘rqitishadi, qo‘shnilariga kelib uni "xalq dushmani" deb e‘lon qilishadi va ba‘zan arz qilib kelgan odamlarni unga qarshi ko‘rsatma berishga majburlashadi.

Lekin 10 yildan beri ota kasbini tutib, inson huquqlari himoyasiga kirishgan O‘ktam Pardayev o‘z ishini tashlamoqchi emas.

"Hokimlaru amaldorlar qonunni himoya qilishmayapti" - deydi O‘ktam Pardayev - "Chunki o‘zim guvohman, qonunni hurmat qilib ishlaylik desak, amaldorlar kulishadi".

Ta‘qib ostida inson huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanib kelayotgan O‘ktam Pardayevga o‘z savollaringizni pastdagi maxsus forma orqali yo‘llang yoki uzbek@bbc.co.uk elektron pochta manziliga jo‘nating.

Shuningdek, BBC O‘zbek Xizmati Facebook sahifasida ham savol qoldirishingiz mumkin.

Huquqbonning siz yo‘llagan savollarga javoblarini esa BBC O‘zbek Xizmatining kelasi shanba va yakshanba kungi "Daraklar" dasturida tinglab, bbcuzbek.com websahifamizda o‘qishingiz mumkin.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02