UzWebiston: Bloggerlar, boshni yaxshilib qashilab, so‘ng xabar qo‘ying!

Image copyright PA

O‘zbekistonda web-sayt va web-sayt sahifasining egalari, shu jumladan, bloggerlarning hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborotni internetga joylashtirishdagi mas‘uliyati oshirilmoqda.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, bunday shaxslar axborotni joylashtirishdan avval uning to‘g‘riligini tekshirishi talab qilinadi.

O‘zbekistonda bloggerlar faoliyatining qonun bilan tartibga solinishi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisida ma‘qullangan.

"O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonunda blogger tushunchasiga izoh berilgan hamda hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan axborotni e‘lon qilish tartibi haqida yangi me‘yorlar o‘z aksini topgan.

Qonunga ko‘ra, internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z web-saytiga va web-sayt sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan, ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy xususiyatga va boshqa xususiyatga ega axborotni joylashtiruvchi, shu jumladan axborotdan foydalanuvchilar tomonidan ushbu axborotni muhokama qilish uchun joylashtiruvchi jismoniy shaxs blogger hisoblanadi.

Qonunga muvofiq bloggerlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da‘vat etish, urush, zo‘ravonlik va terrorizmni, shuningdek diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm g‘oyalarini targ‘ib qilish, davlat siri bo‘lgan ma‘lumotlarni yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni oshkor etish, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi, shuningdek fuqarolarning sha‘ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘yuvchi axborotni tarqatish, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni targ‘ib qilish, pornografiyani targ‘ib qilish taqiqlanadi.

Kun. uz web-saytida berilgan xabardan kelib chiqiladigan bo‘lsa endi oddiy bloggerlar ham sahifalariga joylayotgan har bir xabarni avvaliga ming bir chig‘iriqdan o‘tkazishlari shart.

Yo‘qsa, mamlakat qonunlarini buzganlikda ayblanishlari mumkin.

Tahlilchilarga ko‘ra, O‘zbekistonda bosma ommaviy axborot vositalari, televideniye va radio to‘la nazorat ostiga olingan.

Faqat ayrim bloggerlar hukumatga yoqmaydigan to‘g‘ri xabarlarni o‘z sahifalariga joylashtirib kelayotgan edilar.

Senatorlar qabul qilgan yangi qonun endi O‘zbekistonda bloggerlik harakatini ham cheklashga olib boradi, deyishadi kuzatuvchilar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02