"Ebola bois 9 kurashchi Toshkentga kelolmaydi"

Image copyright PA

Xalqaro Kurash Federatsiyasining rasman xabar berishicha, Ebola bilan bog‘liq mavjud epidemiya sabab, g‘arbiy afrikalik to‘qqiz kurashchi tez orada O‘zbekiston poytaxtida bo‘lib o‘tajak sport kurashi bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etolmaydi.

Agar, federatsiya rasmiy web sahifasidagi xabarlarga tayanilsa, bu mudhish xastalik O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligini g‘arbiy Afrikaning olti davlati vakillarining Toshkentga safarini cheklashga ham majbur qilgan.

Xalqaro Kurash federatsiyasi bu haqda vazirlik o‘zlariga o‘tgan hafta yuborgan rasmiy maktubga iqtibosan xabar berayotganini bildirgan.

Ayni o‘rinda so‘z Gvineya, Gvineya-Bisau, Liberiya, Serra-Leone, Nigeriya va Kongo Demokratik respublikasi haqida ketmoqda.

Jahon chempionligi uchun bellasha olmasligi ayon bo‘lgan to‘qqiz g‘arbiy afrikalik kurashchining yetti nafari nigeriyalik va qolganlari serra-leonelik ekanligi aytiladi.

FILA prezidenti, o‘z o‘rnida, bu qarordan “ziyon chekkan kurashchilar, murabbiylar va muxlislarga hamdard” ekanini ham qistirib o‘tgan.

Xalqaro Kurash federatsiyasi, o‘z o‘rnida, Ebola bilan bog‘liq vaziyatni yaqindan kuzatishda davom etishlari va vaziyatga qarab, ular bilan muloqotda bo‘lib turishlarini ham bildirgan.

Kuni-kecha ham FILA va ham O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatlarida g‘arbiy afrikalik kurashchilarning taqdirlariga oid qarorlarini shu yaqinda kunlarda e‘lon qilishlarini bildirishgandi.

Image copyright AP

Sport kurashi bo‘yicha jahon chempionatining o‘zi esa, 8-14 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.

Toshkentdagi nufuzli turnir qator xalqaro musobaqalar kabi, g‘arbiy Afrikaning qator davlatlarida halicha to‘liq davosi topilmagan Ebola xastaligi epidemiya darajasiga yetgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.

Bundan sal avval O‘smirlar o‘rtasidagi Olimpiada O‘yinlari va dzyudo bo‘yicha jahon chempionati oldidan mezbon Xitoy va Rossiya ham xuddi shunday yo‘l tutishga majbur bo‘lishgandi.

Bu yaqin yillar ichidagi eng yirigi bo‘lishi kutilayotgan Toshkentdagi jahon chempionatida esa, dunyoning 80 ga yaqin davlatidan 700 dan ortiq kurashchining ishtirok etishi kutilmoqda.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, bir haftalik turnir davomida kurashchilar 24 vazn toifasida uch xil kurash turi bo‘yicha jahon chempionligi uchun kurash olib borishadi.

Birinchilik ishtirokchilari orasida o‘nlab amaldagi va sobiq jahon chempionlarining borligi ham aytiladi.

Image copyright AP

Hozircha aniq davosi topilmagan Ebola esa, dunyodagi eng mudhish kasalliklardan biri sanalmoqda.

Ushbu xastalik ilk bor 2010 yilning mart oyida rasman qayd etilgan.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ma‘lumotlariga ko‘ra, xastalik shu paytgacha 1.400 dan ortiq kishining umriga zomin bo‘lgan.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti yaqinda ushbu xastalik virusini xalqaro miqyosdagi tahdid, deb e‘lon qilgandi.

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, shu paytga qadar Ebola epidemiyasi ko‘lami bu qadar katta bo‘lmagan.

Ebola virusi kasal insonning badan suyuqliklari orqali tarqaladi va ter ham bularning sirasiga kiradi.

Hozirga qadar 2.600 dan ortiq kishi ushbu xastalikni yuqtirgani ishoniladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02