Maradonayu Bajjo G‘azoda "Tinchlik uchun" maydonga tushishdi

Britan nashrlarining xabar berishicha, Tinchlik uchun dinlararo ko‘rgazmali futbol uchrashuviga shaxsan Rim Papasi Fransisning o‘zi bosh-qosh bo‘lgan.

G‘azo inqiroziga diplomatik yo‘l bilan yechim topilsin deb, Maradona, Alessandro del Pero, Roberto Bajjo, Andrey Shevchenko, Karlos Valderrama kabi jahon futbolining manaman, degan sobiq yulduzlari maydonga tushishgan.

Xabarlarga ko‘ra, bundan tashqari, Lionel Messi, Samuel Eto’O, Mesut O‘zil va Lukas Podolskiy kabi bugungi kun futbolining eng yorqin namoyandalari ham Rimga taklif etilishgan.

Jumladan, "Daily Mail" nashrining xabar berishicha, Islomdan tortib, Buddaviylikkacha, turli din va konfessiyalarga mansub ja‘mi 50 sara futbolchiga G‘azo bo‘lgasida "Tinchlik uchun o‘ynab bermaysizmi?", degan taklif bilan chiqilgan.

Rim Papasining tashabbusiga bosh qo‘shishga rozi bo‘lgan yulduz futbolchilar esa, ikkiga bo‘linib, "PUPI" va "SCHOLAS" nomi ostida bir-birlariga qarshi maydonga tushishgan.

"PUPI"larga Argentina milliy terma jamoasining sobiq sardori Xaver Sanetti, "SCHOLAS" ga esa, Italiya milliy terma jamoasining nomdor darvozaboni Janluiji Buffon sardorlik qilishgan.

Image copyright Getty

Eng qizig‘i, yozgi oldi-sotdi bozorining eng so‘nggi kuni ekaniga qaramay, Londonning asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov hamsohiblik qiluvchi "Arsenal" jamoasi Bosh murabbiysi Arsen Venger ham Rimga kelib, ushbu futbol uchrashuvida "SCHOLAS" jamoasiga ustozlik qilib bergan.

"PUPI"larga esa, 90 daqiqa davomida Argentina milliy terma jamoasining Bosh murabbiysi Xerardo Martino bosh-qosh bo‘lgan.

Dunyo futboli yulduzlari bir-biriga qarshi maydonga tushishgan emasmi, uchrashuv ham rosa to‘plarga boy bo‘lgan va 6:3 hisobida Xerardo Martino shogirdlarining g‘alabasi bilan yakunlangan.

"Inter"(Milan) hujumchisi Mauro Ikardi xet-trik qayd etgan bo‘lsa, qolganiga "Chelsi" sobiq hujumchisi Andrey Shevchenko qarashib yuborgan.

Jahon futboli afsonasi Diyego Maradona o‘zi to‘p urmagan esa-da, Roberto Bajoga bergan uzatmasi bilan "SCHOLAS"ning ikkinchi to‘piga hammualliflik qilgan.

Dinlararo ko‘rgazmali futbol uchrashuviga "Inter"(Milan) sobiq yarim himoyachisi Xaver Sanetti asos solgan "Pupi" jamg‘armasi va Rim Papasining o‘zi bosh-qosh bo‘lgan "Scholas Occurentes" xalqaro maktablar tarmog‘i hammezbonlik qilishgan.

Image copyright AP

Shu o‘rnida eslatib o‘tish joiz, Rim Papasining o‘zi ham ashaddiy futbol ishqibozlaridan: u, yillarki, Argentinaning "San Lorenzo" jamoasiga muxlislik qiladi.

Xabarlarga ko‘ra, Rimdagi o‘yindan avval papa hazratlari Diyego Maradona, Alessandro del Pero va Karlos Valderramalar kabi qator yulduz futbolchilar bilan shaxsan uchrashishga ham ulgurgan.

Isroil va "Hamas" guruhi esa, 50 kunlik urushlar ortidan, faqat o‘tgan juma kuniga kelib, doimiy otashkesimga rozi bo‘lishgandi.

Qariyb ikki oylik qurolli nizolar 2.200 dan ortiq insonning umriga zomin bo‘lgan, bo‘lga hayotini deyarli butkul izdan chiqargan va ulkan vayronagarchiliklarga sabab bo‘lgan.

So‘nggi urushdan har tomonlama eng ko‘p talafot ko‘rgan esa, Falastin tomoni bo‘lgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02