"Muslima uyg‘urga uylanganlarga katta sovg‘a bor"

Image copyright BBC World Service

Agar, Xitoy matbuotiga tayanilsa, deylik, xan bo‘lib, uyg‘ur yoki boshqa milliy ozchilik vakili bilan oila qursangiz, yoki buning teskarisi, besh yilgacha ming dollardan ortiqroq pul mukofoti va yana boshqa ko‘plab imtiyozlarga ega bo‘lasiz.

Xabarlarga ko‘ra, bunday tashabbus bilan Shinjon Uyg‘ur muxtor bo‘lgasidagi Kiymo (Keriya) tumani mas‘ullari chiqishgan.

Ushbu tuman aholisining aksariyatini esa, musulmon uyg‘urlar tashkil etishadi.

Mahalliy mas‘ullar tumanda "qorishiq nikohlar"ni targ‘ib etishga zo‘r berisharkan, ularning tashabbusi hozir Xitoy ommaviy-axborot vositalarida qizg‘in muhokama etilayotgan mavzulardan biriga ham aylangan.

Xitoy hukumati katta sondagi xanlarni ko‘chirtirib kelmasidan avval Shinjonda qadim-qadimdan asosan musulmonlar yashab kelishgan.

O‘z o‘rnida, kiymolik mas‘ullarning yangi tashabbusi G‘arb matbuotida qanday aks-sadolarga sabab bo‘layotgani ham Xitoy ommaviy-axborot vositalarining e‘tiboridan chetda qolmagan.

"G‘arb matbuotining nazdida xanlarning migratsiyasi va qorishiq nikohlar mintaqadagi "uyg‘urlarni bostirish uchun qilinayotgan ish emish, deb yoziladi bu kabi chiqishlarda", - deya bong uradi Xitoy matbuoti.

So‘nggi oylarda Xitoyning olis g‘arbiy muxtor bo‘lgasi sanaluvchi Shinjonda zo‘ravonliklar hollarining keskin ortgani kuzatiladi.

Image copyright Getty

Rasmiy Pekin ularda uyg‘ur bo‘lginchilarini ayblab keladi.

Xitoy ommaviy-axborot vositalaridagi chiqishlarda esa, qorishiq nikoh siyosatini qo‘llab, uni butun mamlakat bo‘ylab tadbiq etish kerak, degan mazmundagilari ham yo‘q emas.

Ammo "Global Times" ga o‘xshagan nashrlar kim bilan oila qurish fuqarolarning shaxsiy ishi ekani, mas‘ullarning bunga aralashishga haqlari yo‘qligini ham iddao qilishgan.

"Yangi siyosatdan ko‘zlangan maqsad yaxshi bo‘lishi mumkin. Biroq ushbu g‘oya juda ehtiyotkorlik bilan hayotga tadbiq etilishi kerak. Aks holda, bu kabi tashabbus milliy o‘zlikka intilishni kuchaytirib, qorishiq oilalarga jamiyatning bosimini kuchaytirishi mumkin", - deydi Ijtimoiy Fanlar bo‘yicha Shinjon akademiyasi professori Li Shiaoshia.

Professor janoblari, o‘z o‘rnida, Shinjonda qorishiq nikohlar barmoq bilan sanarli ekanini aytarkan, ularning keng quloch yoyishi ehtimoldan yiroq, deydi.

Agar, ayrim raqamlarga tayanilsa, hozirga kelib 22 millionli mintaqa aholisining 40 foizdan ortiqrog‘ini xanlar tashkil etishadi.

Ba‘zi bir G‘arb nashrlarining yozishicha esa, joriy paytda Shinjonda norozilik yashirib bo‘lmas bir darajaga yetgan.

Iyul oyi esa, mintaqa uchun 2009 yilda Urumchida yuz bergan va 200 ga yaqin insonning umriga zomin bo‘lgan zo‘ravonliklar ortidan eng qonlisi bo‘lgandi.

Buyuk Britaniyada chop etiluvchi nufuzli "The Economist" jurnalining yozishicha, "Xitoy Prezidenti Si Tszinpin milliy zo‘ravonliklar girdobida qolish bilan tavakkal qilayapti va Shinjon Xitoyning Chechenistoniga aylanishi mumkin".

Bu xalqaro jurnalga ko‘ra, hozir Xitoyning Shinjonga nisbatan qattiqqo‘l siyosati o‘z vaqtida toqatli bo‘lgan bir xalqni radikallashtirayotgani nishonalari paydo bo‘lmoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02