Uy qamog‘idagi Gulnora Karimova otasidan "mashhur"

Image caption O‘tgan oy Gulnora Karimova uy qamog‘ida ekanini tasdiqlagan

O‘zbekistonlik siyosatchilar reytingini kuzatib kelayotgan "Birjevoy lider" nashriga ko‘ra, iyul-avgust oylarida Gulnora Karimovaning nomi internetda otasi - Prezident Islom Karimov nomidan uch marta ko‘p tilga olingan.

"Birjevoy lider"ning mashhurlik jadvali "Yandeks" sahifasida berilgan qidiruv va "Yandeks novosti" da qanchalik ko‘p tilga olinganiga qarab tuzilgan.

Unga muvofiq, so‘nggi ikki oyda O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning nomi 3497 marta qidirilgan, otasi Islom Karimovning nomiga esa 1 166 marta so‘rov berilgan.

Birinchi uchlikni 628 ta so‘rov bilan O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmatining qudratli raisi Rustam Inoyatov yakunlaydi.

Jadvalda O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev to‘rtinchi, uning o‘rinbosari Rustam Azimov esa beshinchi o‘rinni egallashgan.

Mirziyoyev va Azimov Prezident Karimovning ehtimoliy merosxo‘rlari sifatida eng ko‘p tilga olinadigan siyosatchilardir.

Yaqin-yaqingacha otasining o‘rniga asosiy da‘vogarlardan biri deb ko‘rilgan 42 yoshli Gulnora Karimova o‘tgan oy o‘zi va qizining uy qamog‘ida ekanliklarini tasdiqlagan.

BBC qo‘lga kiritgan audio va videotasmada Karimova xonim o‘zlariga "itdan ham battar" muomala qilishayotganini aytgan.

Gulnora Karimova "Birjevoy lider"ning o‘zbekistonlik siyosatchilar reytingida ushbu reyting tuzila boshlangan 2012 yil dekabridan buyon birinchi o‘rinni egallab keladi.

Ayni paytda jahon xabar agentliklarida nomi tilga olinishi bo‘yicha mutlaq birinchilik Prezident Karimovga tegishli.

"99 foiz"

Image copyright Reuters
Image caption O‘zbekistonning rasmiy siyosiy sahnasida janob Karimovdan boshqa siyosatchi yo‘q

O‘zbekiston siyosiy sahnasida janob Karimovdan boshqa omma ko‘z oldidagi siyosatchi yo‘q va o‘zbek hukumati mulozimlari ijtimoiy tarmoqlarda o‘z nomlarini targ‘ib qilmaydilar.

Ayrim tahlilchilar Gulnora Karimova ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari bilan o‘zi bilib-bilmagan holda otasi boshqarayotgan yopiq tuzumining tamallariga zarba bera boshlagani va shuning uchun siyosiy hayotdan chetlatilganini aytishadi.

Karimova xonimning o‘zi ham BBCga yo‘llangan audio yozuvlarda boshiga tushgan muammolarning "hammasiga ochiq gapirgani sabab" ekanini aytgan.

O‘zbekistonda siyosatchilarning reytingini tuzish odat tusiga kirmagan.

Mamlakatdagi yagona "Ijtimoiy fikr" omma so‘rovi markazi vaqti-vaqti bilan o‘zbekistonliklarning Prezident Islom Karimov olib borayotgan siyosatga munosabatlari ekani aytilgan so‘rov natijalarini e‘lon qilib turadi.

Ularda so‘ralganlarning 99 yoki undan ko‘proq foizi Prezidentning siyosatini "ma‘qullashadi".

Markaz direktorining o‘rinbosari Marat Hojimuhammedovning BBCga aytishicha, ushbu so‘rovlarda odamlarning O‘zbekistondagi boshqa siyosatchilar yoki boshqa hukumat a‘zolarining faoliyati haqidagi fikrlari so‘ralmaydi.

"Biz bu odamlar rahbarlik qilayotgan idoralar, masalan, Vazirlar Mahkamasi, Moliya vazirligi yoki Oliy Majlis haqidagi fikrlarni so‘raymiz, chunki bizning nazarimizda shaxslar emas, balki davlat institutlarining faoliyati muhimdir", - deydi tadqiqotchi.

Marat Hojimuhammedovga ko‘ra, "Ijtimoiy fikr" markazi xuddi shu vajdan Gulnora Karimovaning ham reytingini kuzatmagan.

"Biz so‘ramaganmiz, chunki ular hozirgi paytda bironta davlat institutiga rahbarlik qilayotganlari yo‘q", - deydi "Ijtimoiy fikr" markazidan Marat Hojimuhammedov.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02