Putin Poroshenko bilan kelishdimi?

Image copyright n

Ukraina Prezidenti Pyotr Poroshenko Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon muloqoti chog‘ida "o‘t ochishni butkul to‘xtatish"ga kelishganliklarini ma‘lum qilgan.

"Prezidentlarning muloqoti natijasida Donbass (Donetsk va Lugansk viloyatlari) mintaqasida doimiy otashkesimga erishildi", deyiladi Ukraina Prezidentining rasmiy web sahifasida e‘lon qilingan xabarda.

Ayni paytda Kreml Putin o‘t ochishni to‘xtatishga shaxsan rozi bo‘lmagani, chunki Rossiya ziddiyatning bir tarafi emasligini aytmoqda.

Putinning voizi Dmitriy Peskov prezidentlar o‘rtasidagi telefon so‘zlashuvini tasdiqlagan, ammo prezidentlar faqat "ko‘ngillilar va ukraina harbiylari o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatishga olib keluvchi qadamlarni" muhokama etganliklarini aytgan.

"Rossiya jismoniy jihatdan o‘t ochishni to‘xtatish haqida kelishishi mumkin emas, chunki ziddiyatning bir tarafi emas", - deb aytgan janob Pskov.

Rossiya va Ukraina Tashqi ishlar vazirliklari ham hozircha erishilgan kelishuvni sharhlaganlari yo‘q.

Ukraina aksilterror shtabi esa, o‘t ochishni to‘xtatish haqida hech narsa bilmasligini aytmoqda.

Ayni paytda o‘zini "Donetsk Xalq Respublikasi" mudofaa vazirligining siyosiy bo‘limi boshlig‘i deb atagan Vladislav Brig RIA Novosti agentligi bilan suhbatda Ukraina kuchlari Donbassda qolarkan, o‘t ochishni to‘xtatmasliklarini aytgan.

"To‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar"

Shu hafta boshida g‘arb Ukrainadagi voqealar yuzasidan Rossiyaga qarshi yangi jazo choralarini joriy etishga kelishgan.

Seshanba kuni AQSh yangi jazo choralarini kiritishga tayyorligi, ammo bu borada Ovro‘po Ittifoqi bilan bir vaqtda amal qilish niyatida ekanini aytgan.

Dushanba kuni BBCga gapirgan Putin Ukraina sharqida tinchlik yuzasidan "to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar" jarayoni boshlanayotganini aytgan edi.

Shu yil aprelida Ukraina sharqidagi janglar boshlanganidan buyon 2600dan ko‘proq inson halok bo‘lgan, 1 milliondan ziyod aholi uylarini tashlab chiqqan.

Moskva Ukraina sharqidagi rossiyaparast bo‘lginchilarga harbiy texnika va qo‘shin yuborayotganini rad etib keladi.

Ayni paytda AQSh Prezidenti Barak Obama NATO sammiti oldidan Boltiqbo‘yi rahbarlari bilan uchrashmoqda.

U Tallinda bundan 10 yil muqaddam NATOga a‘zo bo‘lgan sobiq sovet davlatlari - Estoniya, Latviya va Litva prezidentlari bilan uchrashadi.

NATOning Uelsda o‘tadigan sammitida tezkor kuchlarni tuzish haqida qaror qabul qilinishi kutilmoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02