NATO sammitida Rossiya tanqid qilindi

Image copyright twitter poroshenko
Image caption NATO sammitida asosiy e‘tibor Ukraina sharqidagi vaziyatga qaratiladi

NATO sammitiga yig‘ilgan g‘arb davlatlari rahbarlari Ukraina inqirozida "buzg‘unchilik roli" uchun Rossiyani tanqid qilishmoqda.

NADO vakillari ogohlantirishicha, agar Kreml Ukrainaga nisbatan tanlagan siyosatini o‘zgartirmas ekan Moskvaga bosim ortishda davom etadi.

Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko Ovro‘po Ittifoqi va Qo‘shma Shtatlar rahbarlari bilan uchrashmoqda.

Ushbu uchrashuvda janob Poroshenko Ukraina sharqida urushni to‘xtatish bo‘yicha Vladimir Putin taklif qilgan reja bilan o‘rtoqlashadi.

Sammitda shuningdek Sharqiy Ovro‘poni Rossiyaning ehtimoliy hujumidan himoya qilish maqsadida bir necha ming kishilik NATO tezkor kuchlarini ta‘sis etish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinishi kutilmoqda.

Moskva buni milliy xavfsizligiga tahdid sifatida ko‘rishini ma‘lum qilgan.

Ukraina hukumati kuchlari va bo‘lginchilar o‘rtasida besh oydan buyon davom etayotgan janglarda, ba‘zi ma‘lumotlarga ko‘ra, ikki yarim mingdan ko‘proq odam halok bo‘lgan.

G‘arb mamlakatlari Moskvaning bo‘lginchilarga yordam ko‘rsatayotganiga oid dalillarga ega ekanliklarini aytadilar.

Kreml vakillari bu da‘volarni butkul rad etadilar.

BMTning oxirgi hisob-kitobiga ko‘ra, Ukraina sharqida mojaro kuchayishi natijasida bir milliondan ko‘proq odam o‘z uy-joylarini tashlab chiqishga majbur bo‘lganlar.

Ukrainada yuz berayotgan hodisalar Uelsning Nyuport shahrida ikki kun davom etajak sammit diqqati markazida bo‘ladi.

Bundan tashqari NATO sammitida Iroq va Suriyada tobora ko‘proq hududlarni ishg‘ol etayotgan Islomiy Davlat guruhi va Afg‘onistondagi vaziyat muhokama qilinadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02