O‘zbekiston mustaqilligi: Kim edigu kim bo‘ldik...

Uzbek photographer Umida Ahmedova
Image caption O‘zbekistonlik san‘atkor Umida Ahmedova "Alanika" simpoziumida qatnashgan

Mustaqillikdan keyin O‘zbekiston madaniyati nimalarga erishdi va Sho‘rolar davridagi nimalaridan ayrildi?

San‘at SSSR zamonida iqtidordagi mafkuraga xizmat qilgani kabi hozir ham xizmat qilishi kerakmi?

Taniqli fotorassom va kinodokumentalist Umida Ahmedovaning aytishicha, o‘zbek rasmiylarining madaniyat va san‘at ishlariga qiziqishlari va aralashishlari muammolarni paydo qiladi.

O‘zbek xalqining ma‘naviy va madaniy dunyoqarashida 23 yil mobaynida yuz bergan sezilarli o‘zgarishlar haqida Umida Ahmedova mana bunday fikrda:

"San‘at professional jihatdan maydallashib ketdi. Yoshligimizda biz "Hamza" teatriga borib, Shukur Burhonov ishtirogida "Shoh Edip" p‘esasini tamosha qilardik. Hozir esa bugungi postanovkalarning saviyasi pasayib, "xontaxta" teatri bo‘lib ketdi... Bugungi teatr - xotinlarning gapidan chiqqan mashmasha", deydi Umida Ahmedova.

Lekin san‘atda milliy mavzularni ko‘tarib chiqish o‘zbeklarning o‘tmishda, Sho‘rolar davridagi targ‘ibotlar tufayli unutilgan milliy urf-odatlarini qayta jonlashtirish hamda ularga qaytishni anglatmaydimi?

"Yo‘q, lakalakatum - bu urf-odatlarga qaytish emas. Urf-odatlarga qaytish uchun, ularni chuqur o‘rganish kerak", deydi fotorassom va kinodokumentalist.

Yaqinda Umida Ahmedova Osetiyada o‘tkazilgan "Alanika" nomli xalqaro san‘at simpoziumida ishtirok etgan.

O‘z taqdimotida o‘zbek san‘atkori "Men ikki kasbni mujassam qilgan shaxsman, ham fotograf va ham kinooperatorman", degan.

Darhaqiqat, bu taniqli san‘atkor hukumat rasmiylari ruxsat bermagan bir necha fotoko‘rgazmani tashkillashtirishga uringan.

"Bokiralik yuki" deb nomlangan hujjatli filmi uchun o‘zbek xalqiga tuhmat qilganlikda ayblanib, mahkamaga ham tortilgan.

Umida Ahmedova mustaqillik yillarida qad rostlagan Toshkent osmono‘parlarining o‘rniga qishloq hayotidan manzaralarni ko‘rsatishni afzal ko‘radi.

"Kinoda ham, teatrda ham hech ko‘rmaganman men jamiyatning muammolarini. Axir kasalni bekitsang, baribir isitmasi oshkor qiladi-ku", deydi u.

Madaniyatning xozirgi chegaralangan va turli to‘siqlar hamon mavjud hukm etayotgan ahvolini ko‘rib turib, kelajakda globalizm tendentsiyalari rivojlanib borgani sayin o‘z vatanida tan olinmagan o‘zbek madaniyatining yorqin vakillari dunyoning turli burchaklarida katta yutuqlarga erishadi, deya umid bildiradi Umida Ahmedova.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02