Karimov "sovg‘asi hammagayam nasib etmaydi"

Image caption Bu yil O‘zbekiston maktablariga birinchi sinfga yarim milliondan ko‘proq bola qabul qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta‘limi vazirligi matbuot markaziga ko‘ra, 2014-2015-o‘quv yilida 9739 umumta‘lim o‘rta maktablarining 1-sinflariga yarim milliondan ko‘proq o‘quvchi qabul qilindi.

Har yilgidek bu o‘quvchilarga 12 turdagi o‘quv qurollaridan iborat "Prezident sovg‘asi" topshiriladi.

Ammo, "Prezident sovg‘asidan" hamma birinchi sinfga boradiganlar bahramand bo‘la oladimi?

"Men Qashqadaryodanman. Toshkentga xotinim va ikki farzandim bilan kelganman, - deydi o‘zini Ravshan deb tanishtirgan yoshi o‘ttizdan oshgan kishi.- Asosiy ishim Toshkent Ippodromining "Bekbaraka" bozorida arava tashishdan iborat".

Ravshan so‘zlariga ko‘ra, avval Rossiyaga borib pul topmoqchi bo‘lgan.

Toshkentga kelib yo‘lkira pulini ishlab, Rossiyaga jo‘namoqchi bo‘lganida bir do‘sti Rossiyaga borgandan ko‘ra shu bozorda aravakashlik qilgani ma‘qulligini aytadi.

Ravshanning aytishicha, u Toshkentda qariyb sakkiz yildan beri aravakashlik ortidan pul topib, tirikchilik qiladi.

"Avval xotinim va ikki nafar farzandim Qashqadaryoning Shahrisabzida ota-onam bilan yashardi. Men pul jo‘natardim. Keyinchilik ularni Toshkentga olib kelishga qaror qildim, chunki yashash sharoitim yaxshilangandek edi, - deydi Ravshan. - Imkonlarim kengaydi. Mana ikki yildirki, hammamiz birga bir xonali kvartirada yashaymiz".

"Ishim bitdi, xayriyat"

Ravshanning bildirishicha, katta qizi bu yil yetti yoshga to‘lgan.

Qizini birinchi sinfga berish umidida Chilonzor tumanidagi umumta‘lim o‘rta maktablardan birining direktori oldiga boradi.

Direktor unga "Vaqtincha propiska qilmasangiz, qizingizni maktabga ololmayman", deya rad javobini beradi.

"Bir amallab, olti oylik propiska to‘g‘irlashim uchun salkam 250 dollar pulim ketdi. Keyin qizimni shifokorlar ko‘rigidan o‘tkazishga ham 150 ming so‘m xarajat qildim. Bungayam roziman. Ishqilib, qizim, boshqalar qatori, birinchi sinfga kirib o‘qisa bo‘lgani", -deydi qashqadaryolik aravakash.

Ravshanning ta‘kidlashicha, shuncha ishlarni amalga oshirish uchun juda ko‘p vaqt sarflagan.

"Bu yog‘i Toshkent. Har bir qadamingiz – xarajat, pul", - deydi u.

Ravshanning so‘zlariga ko‘ra, bir papka hujjatlarni jamlab maktabga kelganida direktor boshqa bahonalarni ro‘kach qilishga o‘tgan.

"Prezident sovg‘asini qizingiz ololmaydi. Bu sovg‘ani olish uchun oldinroq harakat qilish kerak edi, dedi direktor ko‘zlarimga qarab. Angladimki, pul berish kerak. Boshqa o‘rtoqlarim ham ishlarini shunday tarzda pishirishgan. 150 dollar berishga va‘da berdim. Direktor esa boshqa ta‘mirlash ishlariga ham yordam berishimni ochiq-oydin aytdi. Unga ham rozi bo‘ldim", - deydi Ravshan.

"Ishim bitdi, xayriyat", - deya tin oladi u.

"Andijonga qaytmayman"

Toshkent shahrining deyarli hamma bozorlarida aravakashlik qiladigan, yuk tashiydigan yo har-xil mahsulot sotish bilan shug‘ullanayotganlar asosan viloyatlardan kelganlardan iborat.

Ularning ko‘pchiligi oilasini Toshkentga olib kelish imkoniyatidan mahrum.

Ammo oralarida ishbilarmonlari bola-chaqasini Toshkentga olib kelgan.

"Andijonning Shahrixonidanman, - deydi o‘zini Shavkat aka deb tanishtirgan va yoshi qirq beshlarga borib qolgan kishi. - Toshkent katta shahar, shuning uchun ko‘pchilik shu yerga kelib, ish topish va uy-ro‘zg‘orini tebratishga harakat qiladi".

U quruvchilar guruhiga rahbarlik qilarkan.

"Bizning brigadamizda 25 kishi bor. Biz bir imoratni poydevoridan to tomigacha ko‘tarib beramiz. Men shu guruhga birgadirlik qilaman", - deydi Shavkat aka.

U Toshkentda ko‘p qavatli imoratlardan birida oilasi bilan ijarada yashashini aytadi.

To‘rt farzand sohibi ekan.

Kenja ug‘li Ikromjon bu yil yetti yoshga to‘lishi uchun ikki oy yetmaganini aytadi.

"Juda daxmasa bo‘ldi, lekin bu yil birinchi sinfga qabul qilishmayapti. Propiskamni vaqti tugay deb qolgan. Uning ustiga kvartira egasi propiskamni uzaytirishiga rozilik bermayapti. Uni uchastka milisa xodimi kelib ogohlantirib ketibti", - deydi Shavkat aka.

U "nima qilib bo‘lsa ham" Ikromjonni maktabga kiritishga urinayotganini aytadi.

"Kerak bo‘lsa, vazirlikka boraman. Bolam o‘qishi kerak. To kattalari o‘qishlarini bitirmaguncha, Andijonga qaytmayman", - deydi Shavkat aka.

"Orzuga ayb yo‘q-ku!"

Toshkent shahar Mirobod tumani xalq ta‘limi bo‘limi xodimiga ko‘ra, poytaxtda propiskasi yo‘qlar uchun bolalarini maktabga joylashtirish tobora qiyinlashib bormoqda.

Toshkentga doimiy ro‘yxatga o‘tkazish uchun juda katta pul kerak. Ammo, ishsizlik dastidan odamlar oila tebratish uchun Toshkentga kelmay ilojlari yo‘q.

Taxminlarga ko‘ra, Toshkentda bir milliondan ziyod ro‘yxatdan o‘tmagan aholi yashaydi.

"Maktablarimizdagi 10-20% talabalar - doimiy ro‘yxatga o‘tmagan fuqarolarning farzandlari. Ular bolalarini maktabga qabul qilmaslik ham gunoh, chunki bizda umumta‘lim maktabida tahsil olish majburiy hisoblanadi. Ammo, maktablarga qabul qilish tartib va qoidalari turli qaror va nizomlar bilan chegaralangan", - deydi maorif xodimi.

Uning ta‘kidlashicha, shu yilning o‘zida Mirobod tumanida ellikka yaqin yoshi yettiga to‘lgan bolalar birinchi sinfga qabul qilinmagan.

Samarqandlik taksi haydovchisining aytishicha, Samarqanddayam birinchi sinfga qabul qilishda muammolar ko‘p ekan.

"Shunday maktablar borki, bu maktablarga bolangizni berish uchun kamida 300 dollar so‘rashadi. Undan tashqari, har oyga 50 yo 100 ming so‘m topshirib turmasangiz, bolangiz o‘qishini davom ettirishi qiyin", - deydi o‘z nomini tilga olishni xohlamagan samarqandlik taksi haydovchisi.

"Toshkentdayam bunday maktablar bor. Bu maktablarda aosan boylarning bolalari ta‘lim olishadi. U yerga bolangizni kiritishingiz uchun navbatda turishingiz kerak. Ancha qiyin masala. Men ikki yil harakat qildim, ammo bolamni qabul qilishmadi, aniqrog‘i, aytgan pullarini berishga kuchim yetmadi. Orzuga ayt yo‘q-ku!"- deydi toshkentlik opaxon.

Uning aytishicha, oddiy maktablar ham bu masalada "bir-biridan qolishmayapti".

"Ta‘lim-tarbiya berishda ba‘zi bir oddiy maktablar jihozi o‘sha maxsus maktablardan qolishmaydi, ammo u yerda o‘qitish toshkentliklar uchun - obro‘, avtoritet", - deydi poytaxtlik opaxon. - "Prezident sovg‘asini olmasdan xafa bo‘lganlarga faqat sabt-toqat tilaymiz. Albatta keyingi yil ularning bolalari shu sovg‘aga egalik qilishsa, ajab emas!"

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

-------------------------------------------------------------------------------------------

Hojiahmad,Toshkand: Karimov "sovg‘asi hammagayam nasib etmaydi", Ushbu maqolani o‘qib chiqib, shunga amin bo‘ldimki, xalqimiz ko‘pchiligi uquvsizligi ayon bo‘lmokda. Nima bu deysan kishi? Maktabga olmaslikka hech kimning haqqi yo‘q. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarosi bo‘lsa, yoki vaqtincha propiska, yoki doimiy propiskaga ega lekin fuqaroligi yo‘q shaxs bo‘lsa ham, bolalarni 1-sinfga olishga maktablar yoki 1-kurs kollejga olishga majbur. BU QONUN! Shikoyati bormi, marhamat, yagona interaktiv portalga my.gov.uz ga murojaat qilishsin, nima ketadi ulardan? Bekorga hukumat shuncha sa‘y-harakat bilan shikoyatlar portalini ochibdimi?