UzWebiston: prokuratura maktab kundaligidagi Gitler rasmini tergov qilmoqda

Image copyright RIA Novosti

Rossiyaning Svedlovsk viloyati prokuraturasi maktab o‘quvchilarining kundaligida Adolf Gitler rasmi va uning qisqa tarjimai holini joylashtirilgani yuzasidan tergov boshlagan.

BBC Rus xizmatiga ushbu kundaliklarni nashr qilgan shirkatdan aytishlaricha, Adolf Gitler jahon tarixidagi salbiy personaj sifatida nashr qilingan.

Kundaliklar "Smolenskiy poligraficheskiy kombinat"ning mahalliy filialida bosilgan.

Oldinroq Yekaterinburg shahrida Adolf Gitler rasmi qo‘yilgan maktab kundaliklari sotila boshlangani ota-onalarni g‘azabga keltirgan.

Maktab o‘quvchilari uchun tayyorlangan kundalikda Gitler rasmidan tashqari u haqida qisqacha ma‘lumot ham keltirilgan.

Jumladan, Gitlarning qachon yashagani, uning natsional-sotsializm asoschisi ekanligi, ana shu nomdagi nemis ishchi partiyasining dohiysi(fyurer) bo‘lganligi, 11 yil davomida Olmoniyaga rahbarlik qilganligi yozilgan. Shuningdek, Gitlerning ikkinchi jahon urushini boshlashda bosh tashabbuskor bo‘lganligi, insoniyatga qarshi natsist rejimi tomonidan amalga oshirilgan ko‘plab jinoyatlar uning nomi bilan bog‘liqligi ham keltirilgan. Bu jinoyatlar Olmoniyaning o‘z aholisiga va bu davlat bosib olgan mamlakatlarda amalga oshirilgani yozilgan. Bu jinoyatlar orasida Xolokost borligi ta‘kidlangan.

Gitlerning surati va u haqdagi ma‘lumotlar maktab o‘quvchisi kundaligining "Baho" va "O‘qituvchi imzosi" yozuvlari ustida joylashtirilgan.

Aytish joiz, mazkur kundalikda nomi tarixda qolgan deya hisoblangan yana boshqa insonlarning suratlari va ular haqidagi ma‘lumotlar joylashtirilgan.

Image copyright Getty
Image caption Noshirlarga ko‘ra, Adolf Gitler jahon tarixidagi salbiy personaj sifatida bosilgan

Lekin e1.ru portalida yozilishicha, aynan Gitler surati va u haqidagi ma‘lumotlarning joylashtirilishi yekaterinburglik ota-onalar noroziligiga sabab bo‘lgan.

Smolensk poligrafiya kombinatidan bildirishlaricha, kundaliklarning buyurtmachisi "Oliy maktab" nashriyoti bo‘lgan.

Biroq kundalikni bezash ishlari bilan Rostov-Don shahridagi "Feliks plyus" nashriyoti shug‘ullangan.

– Biz nashriyot bizga nimani topshirsa, o‘shani chop qilamiz, shartnoma asosida. Bu bizga yoqish-yoqmasligidan qati nazar. Bu kundalik buyurtmachisi "Vysshaya shkola" nashriyotidir, - deyishgan matbaachilar.

e1.ru portalida ta‘kidlanishicha, agar nashriyot reklamasiga ishonilsa, u yerda Rossiyadagi har uchta kitobdan bittasi chop etiladi.

Ayni bir paytda portal o‘z o‘quvchilariga "Maktab kundaligida Gitler surati va tarjimai holining bo‘lishiga qanday qaraysiz?" mazmunida murojaat etgan.

Bu savolga uch xil javobdan birining tanlanishi tavsiya etilgan.

O‘quvchilar yo "Ha, bu oddiygina bir tarix - o‘quvchilar qahramonlar va aksilqahramonlar qiyofasini taniganliklari yaxshi", yo "Yo‘q, Gitlerning maktab kundaligida paydo bo‘lishi odamning jahlini chiqaradi", deb javob berishlari mumkin. Uchinchi javob esa, quyidagicha shaklda tuzilgan: " Men kundalikda biron-bir surat bo‘lmasligi zarur, deya hisoblayman".

Rossiya o‘zini Ikkinchi jahon urushida dunyoni fashizm asoratidan qutqargan sanaydi. Lekin ayni paytda hozirgi Rossiyada neofashistik guruhlar mavjudligi ma‘lum, deyishadi kuzatuvchilar. Xalq orasida "taqirboshlar" deb ataladigan bu guruh a‘zolari tomonidan irqchilik va millatchilik asosida qiyofasi slavyancha bo‘lmagan kishilarga tez-tez hujumlar uyushtiriladi. Bu hujumlar qurbonlari orasida Rossiyada mehnat muhojirligida bo‘lgan o‘zbek, tojik va qirg‘izlar ham bor.

Rossiya hukumati taqirboshlarga nisbatan kurash olib borishini bildirsa-da, lekin ular jinoyat sodir qilgan paytda qo‘lga olingan holatlarda ham ko‘pincha jazodan qochib qutuladilar. Yo o‘ta yengil jazoga tortiladilar.

Tahlilchilar bu fikrni aytishar ekan, ayniqsa, Gitler tug‘ilgan aprel oyida rus neofashistlarining faollashishlari va begunoh odamlarga hujum qilishlarini ta‘kidlashadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02