NATO sammiti ikkinchi kuni: yana Ukraina, "Islomiy Davlat" va Afg‘oniston

Image copyright PA

Minskda Ukraina, Rossiya va rossiyaparast bo‘lginchilar ishtirokida Ukraina sharqida o‘t ochishni to‘xtatish maqsadini ko‘zlagan muzokaralar mo‘ljallangan, Prezident Pyotr Poroshenko va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin otashkesim kelishuviga erishilishiga umid bildirganlar.

Ayni paytda G‘arb davlatlari Minskdagi muzokaralarni diqqat bilan kuzatmoqdalar, agar kelishuvga erishilmasa, Rossiyaga nisbatan jazo choralarini yanada qattiqlashtirishga tayyor ekanlarini e‘lon qilganlar.

Uelsdagi Nyuport shahriga NATOga a‘zo mamlakatlarning rahbarlari sammitga to‘planganlar, sammitning birinchi kunida shimoliy ittifoq Bosh koti Anders fog‘ Rasmussen Rossiyadan Ukraina sharqidagi rossiyaparast bo‘lginchilarni qurol-yarog‘ bilan dastaklashni to‘xtatishni va o‘z qo‘shinlarini Ukraina sharqidan olib chiqib ketishni talab qilgan.

G‘arb Rossiyani Ukraina sharqidagi bo‘lginchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun qurol-yarog‘ va harbiy texnika hamda o‘z qo‘shinlarini yuborgani uchun qoralamoqda.

Kreml bu ayblovlarni rad etib kelayapti.

Besh oylik mojaro oqibatida Ukrainada halok bo‘lgan insonlar soni 2600 dan ortgan.

Dastlab 2014 yil oxiridagi NATO qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqish masalalarini muhokama etish maqsadida mo‘ljallangan Uelsdagi sammit kun tartibiga Ukrainadan tashqari Iroq va Suriyadagi "Islomiy Davlat" yuzaga keltirgan tahdid ham kiritilgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02