Ukraina bilan bo‘lginchilar otashkesim bitimini imzoladilar

Image copyright AFP

Minskda Ukraina, rossiyaparast bo‘lginchilar va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralar yakunida o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi kelishuv imzolangan.

Ukraina Prezidenti Pyotr Poroshenko aytishicha, o‘t ochishni to‘xtatish protokoli Kiyev vaqti bilan soat 18 da boshlangan.

Ayni paytda G‘arb Rossiyaga qarshi jazo choralarini yanada kuchaytirish ustida ishlamoqda.

G‘arb Rossiyani Ukraina sharqidagi bo‘lginchilarni qurol-yarog‘ va texnika bilan ta‘minlashda, o‘z qo‘shinlarini Ukrainadagi urushga safarbar qilishda ayblamoqda.

Moskva esa buni rad qilib keladi.

Belarus poytaxti Minskdagi muzokaralarda Ukrainaning sobiq prezidenti Leonid Kuchma, Rossiya elchisi Mixail Zurabov va o‘zlarini "Donetsk va Lugansk xalq respublikalari", deb e‘lon qilgan hududlar rahbarlari ishtirok etganlar.

Ular Rossiya Prezidenti Vladimir Putin taklif qilgan yetti banddan iborat sulh rejasiga kelishganlar.

Bu reja Ukraina armiyasi va rossiyaparast bo‘lginchilar o‘rtasida "faol hujum amaliyotlari"ni to‘xtatish, otashkesim bitimiga amal qilinishi ustidan xalqaro nazorat, mahsublarni shartsiz ozod qilish va insonparvarlik ko‘mak yo‘laklarini tashkil qilishni o‘z ichiga oladi.

5 sentyabr kuni Minskda muzokaralar boshlangan payti Ukraina sharqida qurolli to‘qnashuvlar to‘xtamagan.

Ukraina qo‘shinlari va ko‘ngillilar Azov dengizi sohilidagi Mariupol shahrini bo‘lginchilardan muhofaza qilishga otlanganlar.

Mariupolda bo‘lgan BBC muxbiri Fergal Kin xabar qilishicha, shahardan 4 kilometrcha uzoqlikdagi Ukraina armiyasi qo‘shinlari mavqelarini bo‘lginchilar bombardimonga tutgan.

Ukraina armiyasi ham zambaraklarni ishga solgan, qiruvchi uchoqlar bo‘lginchilar mavqelarini nishonga olgan.

O‘sha tarafda osmonni qora tutun qopladi, deydi muxbirimiz.

Minsk kelishuvi Britaniyaning Uelsida NATO sammiti bo‘lib o‘tayotgan paytga to‘g‘ri kelgan.

NATO rahbarlari Ukraina inqirozida Rossiyani qoralaganlar, tezkor harbiy kuchlarni joylashtirishga kelishganlar.

NATO sammitida Iroq va Suriyadagi "Islomiy davlat" jangari guruhi yuzaga keltirgan tahdidni bartaraf etish yo‘llari ham muhokama qilingan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02