Ukraina mojarosi: Xalqaro Amnistiya raqib taraflarni urush jinoyatlarida aybladi

Image copyright reuters
Image caption Amnistiyaga ko‘ra, Ukraina sharqida jang qilayotgan tomonlar urush jinoyatlarini sodir etgan bo‘lishi mumkin

Inson haqlarini himoya qilish tashkiloti - Xalqaro Amnistiya (Amnesty International) Ukraina mojarosidagi raqib taraflarni urush jinoyatlarida ayblab chiqdi.

"Bu mojaroda ishtirok etayotgan barcha taraflar fuqarolar hayotiga e‘tiborsizlik ko‘rsatib, xalqaro majburiyatlarni poymol etmoqdalar", - deb aytgan Xalqaro Amnistiya bosh kotibi Salil Shetti.

Qarorgohi Londonda joylashgan xalqaro tashkilot Rossiyani ham Ukrainadagi "bo‘lginchilarning jinoyatlariga yog‘ purkash"da tanqid qilgan.

Tashkilotga ko‘ra, yakshanba kuni nashr etilgan hisobot Ukraina sharqidagi urush mintaqalaridan qochib chiqqan oddiy odamlar bilan bo‘lgan suhbatlarga asoslangan.

Xalqaro Amnistiya xodimlari bilan suhbatlashgan insonlar Ukraina hukumati kuchlari ular yashagan mintaqalarni kuchli bombardimon qilganini aytganlar.

"Ular bergan ko‘rsatmalar hujumlarning pala-partish va urush jinoyatlariga teng bo‘lganiga ishora qiladi, - deya ta‘kidlanadi bayonotda. - Guvohlar shuningdek ayirmachi jangarilar ularning qo‘shnilarini o‘g‘irlab ketganliklarii, qiynoqqa solganliklari va halok etganliklarini aytganlar".

Xalqaro Amnistiyaga ko‘ra, sun‘iy yo‘ldoshdan olingan suratlar va guvohlar hikoyalari Rossiya qurol-yaroqlari Ukrainaga o‘tayotganiga "ishontiruvchi dalil" bo‘la oladi.

Amnistiya shuningdek Ukraina armiyasi siflarida jang qilayotgan ko‘ngilli bo‘linmalar tomonidan insonlar o‘g‘irlab ketilgani va kaltaklanganiga oid ishonchli ma‘lumotlarga ega ekanini aytgan.

"Ukrainadagi tinch aholi himoya qilinishi zarur", - deb aytgan janob Shetti.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02