Iroq kuchlari suv to‘g‘oni atrofini ID jangchilaridan "tozaladi"

Image copyright Reuters
Image caption Hadisa Iroqdagi ikkinchi yirik to‘g‘on hisoblanadi

Iroq hukumati kuchlari ma‘lum qilishicha, Hadisa to‘g‘oni atrofidagi yirik hududlar AQSh havo hujumlari natijasida Islomiy Davlat (ID) jangchilaridan tozalangan.

Jihodchilar g‘arbiy Anbar viloyatidagi to‘g‘onni hukumat kuchlaridan tortib olishga bir necha bor uringanlar.

ID harakatlari Qo‘shma Shtatlarni harbiy amaliyotlarini kengaytirishga majburlagan.

Hozirga qadar Amerika havo amaliyotlari faqat Iroq shimoli bilan cheklangan edi.

Chorshanba kuni AQSh prezidenti Barak Obama IDni yengish bo‘yicha o‘z strategiyasini e‘lon qiladi.

ID o‘z nazorati ostida bo‘lgan Iroq va Suriyadagi yirik hududlarda "xalifalik" barpo etilganini e‘lon qilgan.

"Juda aniq"

Iroq g‘arbidagi hukumatparast sunniy arab qabilasining boshlig‘i, Shayx Ahmad Abu Risha, Hadisa atrofida o‘tkazilgan havo hujumlari natijasida to‘g‘onga hujum qilishga shay turgan ID mavqe‘larini yakson etilgan.

"Hujumlar juda aniq edi. Ortiqcha zarar yetkazilgani yo‘q. Agar Islomiy Davlat to‘g‘on ustidan nazorat o‘rnatganida edi, Iroqdagi ko‘plab hududlar, hattoqi Bag‘dod ham, jiddiy xavfga yuzma-yuz bo‘lardi", - deb aytgan u Reyters axborot agentligi bilan suhbatda.

AQSh havo hujumlari ortidan Iroq hukumati kuchlari Hadisadagi ID jangchilariga qarshi quruqlikdan hujumga o‘tganlar va to‘g‘on atrofida to‘liq nazorat o‘rnatganlar.

"Havodan dastak olgan hukumat kuchlari Hadisa nohiyasi atrofini tozalash bo‘yicha yirik amaliyot boshlashdi", - deb aytgan Iroq Mudofaa vazirligi so‘zchisi, general-leytinant Qosim Atto AFP axborot agentligiga.

Iroq qo‘shinlari sunniy arab qabilalari dastagi bilan shuningdek Hadisa sharqidagi Barvana mintaqasini ham ishg‘ol etganlar.

Hadisa to‘g‘oni Iroqdagi ikkinchi yirik to‘g‘on bo‘lib, millionlab insonlarni suv va elektr energiyasi bilan ta‘minlaydi.

Avgust oyidan buyon Qo‘shma Shtatlar Iroqda 130dan ziyod havo hujumlarini o‘tkazgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02