Gulnora Karimova uyushgan jinoiy guruhga a‘zolikda ayblanmoqda

Image copyright BBC World Service
Image caption Gulnora Karimova bir paytlar O‘zbekiston prezidentining vorisi sifatida ko‘rilardi

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi dushanba kuni tarqatgan xabarga ko‘ra, prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga uyushgan jinoiy guruhning a‘zosi sifatida jinoiy ish ochilgan.

Prokuraturaga ko‘ra, Gulnora Karimova va yana besh shaxsga nisbatan jinoyat ishi alohida ajratib olingan holda tekshirilmoqda.

Bosh prokuratura xabarida xususan shunday deyiladi: "Uyushgan guruhning qidiruvda bo‘lgan hamda hozirda yetarli materiallar to‘planmagan ayrim a‘zolariga nisbatan jinoyat ishining bir qismi alohida ish yurituvga ajratilgan. Xususan, G. Karimova va jinoiy guruh a‘zolari A. Gapurova, A. Kurbanov, B. Suleymanov, Sh. Kamildjanov, R. Mustafayevlar haqida so‘z yuritilmoqda".

Ammo Karimova xonimga nisbatan qanday ehtiyoj chorasi qo‘llanilgani haqida prokuratura xabarida hech narsa deyilmaydi.

Bu O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tergov qilayotgan jinoyat ishi doirasida Gulnora Karimova nomining ilk bor tilga olinishidir.

Gulnora Karimova mansub bo‘lgan jinoiy guruh davlatga yuzlab milliard so‘m miqdorida iqtisodiy zarar yetkazgani aytiladi.

Gulnora Karimovaning biznes sheriklari Rustam Madumarov va Gayane Avakyanlar jinoiy guruh a‘zolari sifatida alohida tilga olingan.

"Tergov harakatlari davomida yetkazilgan iqtisodiy zararni to‘liq qoplanishi yuzasidan choralar ko‘rilmoqda, - deyiladi Bosh prokuratura xabarida. - Hozirgi vaqtda jinoiy guruh a‘zolarining O‘zbekistondagi 457 mlrd. so‘mlik mulklari davlat daromadiga o‘tkazildi. Tergov natijalariga ko‘ra, uyushgan jinoiy guruhning har bir a‘zosiga nisbatan jazo muqarrarligi printsipining qatiy qo‘llanilishi ta‘minlanadi".

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Rustam Madumarov va Gayane Avakyanlarni qator iqtisodiy jinoyatlar, jumladan, soliq va valyuta jinoyatlarida ayblagan.

Rasmiy xabarda ayblanganlarning shu yil fevralida tergovga majburan olib kelingani aytilgandi.

Iyul oyida Gulnoraning yaqin hamkori va fuqaroviy eri ekani aytilgan Madumarovga 10 yillik qamoq jazosi berilgan.

Ammo sud zalida umumiy avf qo‘llanib, jazoning uchdan bir qismi bekor qilingandi.

Gayane Avakyan esa boshida 9 yilga hukm etilgan, ammo umumiy avf qo‘llanilib, 6 yillik qamoq jazosi tayinlangandi.

Bir oy muqaddam Gulnora Karimova o‘ziga bo‘layotgan bosim va tazyiqlar bo‘layotgani haqida ma‘lum qilgandi.

U shuningdek BBCga o‘z otasi rezidentsiyasiga kirishga uringanida kuch bilan yo‘li to‘silgani aks etgan videoni yo‘llagan.

"Dado" guruhi xonandasi bo‘lgan Rustam Madumarov o‘tgan yillar davomida Gulnora Karimova bilan juda yaqin tijoriy va shaxsiy munosabatlarda bo‘lgan.

Gayane Avakyan esa bir necha Ovro‘po davlatlarida boshlangan pul yuvishga oid ishlarda nomi tilga olingan shaxs bo‘lib, Gulnora Karimovaga bog‘liq tijoratlarni yuritgani da‘vo qilinadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02