Xitoy televideniyesi Rays xonimlarni adashtirib qo‘ydi

Pekinga borgan AQSh Prezidenti Barak Obamaning xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Syuzan Rays xonim haqida lavha tayyorlagan Xitoy televideniyesi Kondoliza Rays suratini namoyish etdi.

Bu Xitoydagi matbuot e‘tiboridan ham chetda qolmadi.

Bilag‘on Internet foydalanuvchilari ham darrov ijtimoiy tarmoqlarni ishga solib, xatoni ko‘rsatishga shoshilganlar.

Shu kunlarda AQSh Prezidenti Barak Obamaning Milliy Xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Syuzan Rays Pekinda Xitoyning yuqori lavozimli siyosiy va harbiy rasmiylari bilan muzokaralar o‘tkazgan.

Bu haqda xabar bergan Xitoyning ingliz tilidagi China Central Television - CCTV telekanali 50 soniyalik telelavha namoyish etgan.

Teleboshlovchi amerikalik mehmon tashrifi haqida gapirarkan, uning ortidagi ekranda Kondoliza Rays xonim surati ko‘rsatilgan.

Bu telelavha YouTube Internet portaliga ham qo‘yilgan.

Internet foydalanuvchilarining "faolligi" tufayli telekanal YouTubedagi bu videoni olib tashlashga majbur bo‘lgan.

Keyinroq esa xuddi shu sarlavha bilan video e‘lon qilingan, lekin bu videoda Syuzan Rays xonimning fotosurati tuzatib qo‘yilgan.

Image copyright Reuters

Prezident Barak Obamaning yaqin yordamchilaridan biri hisoblangan Syuzan Rays xonim janob Obamaning ilk saylanganidan keyin AQShning BMTdagi elchisi etib tayinlangan.

Prezident Obama ikkinchi muddatga saylanganidan keyin Rays xonimni o‘zining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlagan.

Syuzan Rays xonim Pekinga uch kunlik tashrif bilan borgan.

U Prezident Obamaning 2014 yil noyabriga mo‘ljallangan Xitoyga tashrifiga tayyorgarlik ishlarini ham muhokama qilgan.

Va Syuzan Rays Kondoliza Raysning qarindoshi emas, deya eslatadi BBC Monitoring.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02