O‘zbekiston Davlat departamenti diniy hisobotiga ilk raddiya e‘lon qilgan

O‘zbekiston Din ishlari qo‘mitasi AQSh Davlat departamentining O‘zbekistondagi diniy erkinliklarga bag‘ishlangan yillik hisobotiga birinchi marta munosabat bildirgan.

AQSh Davlat departamenti har yili butun dunyo mamlakatlaridagi inson huquqlariga rioya qilinishi, diniy erkinliklar vaziyati tahlil qilingan hisobotlarni e‘lon qiladi, O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan keyingi deyarli barcha hisobotlarda dindorlar huquqlari toptalib kelinayotgani ta‘kidlanadi.

O‘zbekiston Din ishlari qo‘mitasiga ko‘ra, AQSh Davlat departamentining 2013 yildagi diniy erkinliklarga bag‘ishlangan hisoboti O‘zbekistondagi haqiqiy vaziyatni aks ettirmaydi.

O‘zbekiston nomidan raddiya Din ishlari qo‘mitasining religions.uz web-saytida rus tilida e‘lon qilingan.

"Inson huquqlari, xususan O‘zbekiston Respublikasidagi dindorlarning huquqlari haqidagi axborot xuddi avvalgidek birovga yaxshilikni ravo ko‘rmaydiganlar tomonidan siyosiy mulohazalardan kelib chiqib berilgan", deb boshlanadi O‘zbekiston diniy qo‘mitasi raddiyasi.

"Yildan-yilga allaqachon eskirib bo‘lgan va hozir hech qanday dolzarbligi yo‘q jihatlardan nusxa ko‘chirish davom etaveradi. Hisobotda atayin xabardor bo‘lmagan insonlarda butun O‘zbekistonga nisbatan dushmanona munosabatni shakllantiradigan iboralardan foydalaniladi va kelajakda mutasaddi bo‘lmagan manbalardan olingan ushbu materiallar og‘izdan-og‘izga tarqatilishiga olib kelinishi mumkin", deyiladi rus tilidagi matnda.

religions.uz web-saytining o‘zbek tilidagi "Yangiliklar" sahifasida hozircha raddiya matni e‘lon qilinmagan.

Din ishlari qo‘mitasi O‘zbekistonda konstitutsiya bo‘yicha diniy tashkilotlar va birlashmalar davlatdan ajratilgani va davlat ularning ishlariga aralashmasligi belgilab qo‘yilganini yana bir marta urg‘ulagan.

O‘zbekistonning "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar haqida"gi qonuni dunyodagi eng bajarish oson me‘yoriy hujjatga aylangani e‘tirof etilgan, degan diniy qo‘mita.

Raddiyada ta‘kidlanishicha, O‘zbekiston qonunchiligiga binoan dinga yoki boshqa e‘tiqodga rioya qilish faqat milliy xavfsizlik va jamoat tartibini, boshqa fuqarolarning hayoti, salomatligi, axloqi, huquq va erkinliklarini ta‘minlash uchungina cheklanadi.

Tanqidchilar O‘zbekiston hukumatini aynan "terrorizmga qarshi kurash" bahonasida begunoh oddiy dindorlarni ta‘qib qilayotganlikda ayblaydilar.

Militsiya yoki milliy xavfsizlik xizmati zobitining katta unvonga erishish yoki lavozimini oshirish istagi "diniy-ekstremistik guruh"ning bir necha a‘zosini qamatish bilan ro‘yobga chiqishi mumkin, ushbu holat bugunga kelib O‘zbekistonda sir bo‘lmay qoldi.

O‘sha zobit hibsga olgan "bir diniy-ekstremistik guruh"ning a‘zolari deb jinoyat ishi ochilgan insonlarning bir-birlarini umuman tanimasliklari yoxud faqat yig‘ilib osh yeyishdan boshqa ayblari yo‘qligi haqidagi mahkamada aytgan ko‘rsatmalari inobatga olinmaydi.

Din ishlari qo‘mitasi taqiqlangan diniy tashkilot a‘zosi degan iqror tagiga imzo qo‘yishni istamagan insonlarning qanday qiynoqlarga solingani, Rossiya, Qozog‘iston yoki Qirg‘izistondan o‘g‘irlab O‘zbekistonga olib kelingan va yashirincha mahkamalarda uzoq yillik qamoq jazolariga hukm qilingan insonlar ishlarini tilga olmagan.

O‘zbekiston qamoqxonalaridagi mahkumlarga munosabat va qamoqlardan qarindoshlariga qaytarilgan va zudlik bilan dafn qilish talab qilingan dindor mahkumlar jasadlari haqida ham raddiyada gapirilmaydi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02