Obama Islomiy davlatga qarshi hujumlarni oshirmoqchi

Image copyright

Prezident Obama AQSh Kongressining tasdig‘isiz ham Iroq va Suriyadagi Islomiy Davlat (ID) jangarilariga qarshi harbiy amaliyotni kengaytirish vakolatiga ega ekanini aytdi.

Biroq, u Suriyadagi muxolifat kuchlarini qurollash masalasi bo‘yicha baribir Kongressga murojaat qiladi.

Janob Obama chorshanba oqshomida qilishi kutilayotgan nutqida IDga qarshi strategiyasi haqida gapirishi mo‘ljallangan.

ID jangarilari oxirgi oylarda Suriya va Iroqning yirik hududlarini bosib olganlar va "xalifalik" e‘lon qilganlar.

O‘tgan oyda ID jangchilari Amerika qo‘shinlarining havodan hujumlariga norozilik tarzida ikki amerikalik jurnalistni boshidan judo qilganlar.

Janob Obamaning nutqi kutilayotgan bir vatda AQSh Davlat kotibi Jon Kerri IDga qarshi mintaqaviy koalitsiyaga dastak yig‘ish uchun Yaqin Sharqqa safar qilmoqda.

Janob Kerri 10ta arab davlati va Turkiya rasmiylari bilan muzokaralar olib borish uchun Iordaniya va Saudiy Arabistoniga boradi.

Ayni damda Londondagi saudiy elchisi Shahzoda Muhammad bin Navaf o‘z hukumati IDni qo‘llab-quvvatlayotgani yoki moliyalayotgani borasidagi da‘volarni rad qildi.

"Suriya va Iroqdagi terrorchilikka aloqador harakatlarning urchishiga xalqaro beparvolik sabab bo‘ldi. Biz xalqaro hamjamiyatdan bu terrorchi tashkilotning moliyaviy dastaklari va strukturasini yaqindan o‘rganishga undaganmiz", - dedi u.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer