Rossiya ta‘sir doirasini saqlab qolish uchun mojaro istaydimi?

Image copyright Reuters
Image caption Vladimr Putin Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston prezidenti Serj Sarkisyanlar bilan

Sho‘rolar Ittifoqi qulashi ortidan Rossiyani o‘z qo‘shnilarini "nazorat ostida ushlab turish maqsadida "vaziyatni beqarorlashtirish urinish"larida ayblab keladilar.

Yaqinda Uelsda o‘tkazilgan NATO sammiti mobaynida NATO Bosh kotibi Andres Fog Rasmussenning BBCga aytishicha, "Prezident Putin o‘z qo‘shnilarining Ovro‘po Ittifoqi yo-da NATO tomon siljishlarining oldini olish maqsadida ularning hududlarida davomli, "muzlatib qo‘yilgan" mojarolar mavjud bo‘lishini xohlaydi".

Unga ko‘ra, aynan shuning uchun Rossiya Qrimni annekciya qildi va Ukraina sharqidagi vaziyatni beqarorlashtirdi.

Maqsad go‘yoki shuki, yechimi yo‘q mojaro davomiy bo‘ladi va Rossiya o‘z shartlari asosida "tinchlikni saqlovchi" bo‘ladi.

Bu siyosatning dalillari sifatida Moldovaning Pridnestrove va Gurjistonning Janubiy Osetiya va Abxaziya mintaqalarining ajrab chiqish harakatlari keltirildi.

Tahlilchilar bu ro‘yxatga Tog‘li Qorabog‘ni ham kiritadilar. Lekin Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida davom etib kelayotgan bu hududiy bahsda Rossiyaning tutgan roli u qadar ham oydin emas.

Shuni ham aytib o‘tish kerakki, bu "muzlatilgan mojaro"lar ichkarisida yashayotgan aholi ko‘pda Rossiyani o‘zlarining "haloskorlari" sifatida ham ko‘radilar.

Davomli tajovuz

Image copyright AFP
Image caption Pridnestrovening Moldovadan ajrab chiqqaniga 24 yil bo‘ldi

Rossiyaning o‘z manfaatlari yo‘lida "muzlatilgan mojarolar"ni istayotganligining dalillari nimada?

Filadelfiyadagi Tashqi Siyosat Tadqiqot markazidan Maykl Sesirening aytishicha, Rossiyaning yaqin-atrofdagi hududlarga "burun suqayotgani"ning takrorlanayotgani belgilari bor.

"Bir narsa aniq, Moskva o‘z "himoyasiga" ehtiyojni keltirib chiqarish yo‘lida imi-jimida ish yuritishga juda usta. Gurjiston, Moldova va hatto Ozarbayjonda Moskva bo‘lginchilik hislarini keltirib chiqaruvchi sharoitlarni yaratishga "ko‘mak" berdi. Bo‘lginchilik esa qurolli mojaro tomon intiladi. Moskva qurol-yarog‘ va "ko‘ngillilar bilan ta‘minlashga ham juda usta".

Qirollik Birlashgan Xizmatlar Institutining (Royal United Services Institute) AQSh-Rossiya munosabatlari bo‘yicha eksperti Igor Sutyaginga ko‘ra esa, Pridnestrove va Tog‘li Qorabog‘ Kremlning "muzlatilgan mojarolar" yaratish siyosatining yaqqol dalillaridir.

Buning dalillarini shuningdek, mojaro hudularida faol bo‘lgan shaxslar siymosida ham ko‘rish mumkin.

Iyul oyida Vladimir Anufriyev Ukraina sharqida e‘lon qilingan Mustaqil Donetsk respublikasining Bosh vazir o‘rinbosari etib tayinlandi.

Image copyright Reuters

Latviyadagi Sho‘ro kuchlarining sobiq rahbari Vladimir Anufriyev 1990 yilda aksari rusiyzabon bo‘lgan Prednestrove aholisi moldovan millatchiligiga qarshi chiqqan vaqti muhim rol o‘ynagandi.

Lekin "mojarolarni muzlatish" bilan Rossiya aynan qanday foyda ko‘radi?

Bir tomondan bu holatlar Rossiyaning NATO ta‘sir doirasini cheklash istagi yo‘lida xizmat qiladi. Chunki qo‘shni davlat bilan hududiy bahs Ittifoqqa a‘zo bo‘lib kirishga izn bermaydi.

Igor Sutyaginning fikricha, Ukraina hozirda NATOga umuman a‘zo bo‘lib kira olmaydi.

"Chunki Ittifoq Xartiyasida aytilishicha, bironta ham davlat qo‘shni davlat bilan hududiy bahslarini hal qilmagunga qadar a‘zo bo‘lib kira olmaydi".

Prezident Putin siyosatining tanqidchisi bo‘lgan tahlilchi Andrey Piontkovskiyning aytishicha, uch muddat prezidentlik kursisini egallagan janob Putin uchun Ovro‘po tomon intilgan Ukrainada beqarorlikni keltirib chiqarish hatto shaxsiy manfaatdir.

"Chunki uning asosiy maqsadi umrbod prezidentlikka erishish. Ukraina iqtisodiy jihatdan erkin va demokratik davlatga aylansa Rossiya uchun "yomon" o‘rnak bo‘ladi", - deydi u BBC bilan suhbatda.

Ukriana sharqidagi bo‘lginchilar esa, aynan millatchilar demokratiyani bo‘g‘ib, saylangan prezident Yanukovichni qudratdan ag‘darib, mojaroni keltirib chiqardilar, deb aytishadi.

Bu mojarolarning kelib chiqish "tarixi" qanchalik mavhum bo‘lsa, Rossiyaning "beqarorlashtirish" siyosatining qanchalik muvaffaqiyatli ekani ham shu qadar mavhumdir.

BBC Rossiya Tashqi Ishlar vazirligiga "muzlatilgan mojarolar" haqida izoh berishni so‘rab, murojaat qildi, ammo sharh ololmadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02