O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari yakkama-yakka uchrashishadi

Image copyright none

Tojik rasmiylari xabar qilishlaricha, Dushanbe shahrida o‘tayotgan Shanxay Hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov va Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon yakkama-yakka uchrashishlari mo‘ljallangan.

Bu ikki qo‘shni davlat rahbarlarining so‘nggi to‘rt yil mobaynidagi ilk yuzma-yuz muloqoti bo‘lishi xabar qilingan.

Janob Karimov va janob Rahmon MDH yoki Shanxay tashkilotiga a‘zo mamlakatlar rahbarlari uchrashuvlarida birga qatnashishgan, biroq aynan O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi aloqalarni ikki prezident muhokama qilmaganlar.

Oxirgi marta O‘zbekiston prezidenti Dushanbega 2008 yilda, Shanxay Hamkorlik tashkiloti sammitidi ishtirok etish uchun borgan.

O‘shandan buyon O‘zbekiston bilan Tojikiston aloqalarida sovuqlashish kuzatilgan.

Buning asosiy sababi Tojikistonning Rog‘un GESini barpo etish rejasi bo‘lgan.

Tojikiston prezidentining sobiq maslahatchisi va muxolifatdagi Sotsial-demokratik partiya rahbari Rahmatullo Zoyirovning BBCga aytishicha, ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashishidan hech kim foyda ko‘rmagan va prezidentlar hozirda hamkorlikning zarurligini anglab yetganlar.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Prezident Karimov va Prezident Rahmonning oxirgi yuzma-yuz muloqoti 2010 yili Toshkentda Shanxay sammiti doirasida bo‘lib o‘tgani xabar qilingan.

Dushanbedagi Shanxay Hamkorlik tashkiloti sammiti arafasida O‘zbekiston tashabbuskori bo‘lgan Rog‘un loyihasini xalqaro ekspertizadan o‘tkazish natijalari e‘lon qilingan.

Jahon banki jalb qilgan ekspertlar 12 ta hisobot tayyorlaganlar va yakuniy xulosa, agar ekspertlarning ayrim tavsiyalari inobatga olinsa, Rog‘un to‘g‘onini qurish xavfsiz, degan xulosa bo‘lgan.

Dushanbedagi sammit doirasida Prezident Islom Karimov Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy bilan muzokaralar o‘tkazishi xabar qilingan.

Shanxay tashkiloti sammiti Rossiyaning Ukrainaga nisbatan siyosati bois G‘arb bilan munosabatlari taranglashgan paytda bo‘lib o‘tayapti.

Oliymaqom uchrashuv oldidan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Shanxay tashkiloti a‘zolari sonini ko‘payishi haqida aytgan.

"Rossiyskaya gazeta"da "ShHT siri" deb nomlangan maqola nashr qilingan.

Bu maqolada janob Lavrov Dushanbedagi sammitda ShHTga yangi a‘zolarni qabul qilishning huquqiy, ma‘muriy va moliyaviy sharoitlari muhokama qilinishi haqida aytgan.

Pokiston, Hindiston va Eron yaqin kunlarda Shanhay Hamkorlik Tashkilotiga qo‘shilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar, deb aytgan Rossiya tashqi ishlar vaziri.

Hozir bu mamlakatlar Shanxay tashkilotida kuzatuvchi maqomiga egalar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02