Kashmir: toshqindan jabrlanganlar ko‘mak sustligidan g‘azabdalar

Image copyright epa

Musson yomg‘irlaridan keyingi toshqinlardan jabr ko‘rgan Hindiston nazoratidagi Kashmir aholisi hukumatning qutqarish va ko‘maklari sekinligidan g‘azablanmoqdalar.

Odatda musson yomg‘irlari yoz mavsumida kuzatiladi, biroq sentyabr oyidagi yog‘ingarchilik Pokiston shimoli va Hindistonning nazorati ostida bo‘lgan Kashmirda ulkan hududlarda toshqinlarga sabab bo‘lgan.

Ikki mamlakat rasmiylari ma‘lumotlariga ko‘ra, suv toshqinlari oqibatida hayotdan ko‘z yumgan insonlar soni 500 ga yaqinlashgan.

Kashmirliklar hukumat haddan ziyod sekin amal qilayapti, deya g‘azablari oshib bormoqda.

Odamlar hukumatni yetarli axborot bermaganlik va suv toshqiniga uchragan joylardagi insonlarni xavfsiz joyga ko‘chirish uchun kam qayiq va kema ajratishda ayblaganlar.

Qutqaruv va ko‘mak ishlariga jalb qilingan askarlarni g‘azablangan olomon toshbo‘ronga tutgani haqida xabarlar bor.

Shundan keyin qutqaruvchilar o‘zlariga qurolli qo‘riqchilar berilishini so‘raganlar.

Kashmir poytaxti Shrinagardagi ko‘plab binolar va shifoxonalarga odamlar joylashtirilgan, biroq aloqa uzilgani bois ko‘pchilik qarindoshlarining ahvolini bilmaydilar.

O‘zlarining yashab turgan joylaridan ko‘chirilganlar ham o‘zlariga rasmiylar yordam bermayotganlarini aytganlar.

Kashmir rasmiylariga ko‘ra, har-har joylarda "qamalib qolgan" insonlar soni 400 mingni tashkil qiladi.

Shrinagar aeroporti ham suv ostida qolgan.

Oxirgi bir necha kunda yomg‘ir pasayganiga qaramasdan, Shrinagarning sayyohlar orasida mashhur Dal ko‘lida suv sathi yana ko‘tarilmoqda.

Pokistonning ham Chenab daryosi ko‘tarilib Mo‘lton shahrini suv bosishi tahdidi yuzaga kelgan.

Daryodagi to‘g‘onni portlatib, strategik ko‘priklarni asrab qolish ko‘zlangan.

Bungacha Punjob viloyatida bir necha dambani portlatishga to‘g‘ri kelgan, shu yo‘l bilan yanada ko‘p qishloqlarni suv bosishi oldini olishga qaror qilingan.

Pokiston rasmiylari suv toshqinlari bois uy-joyini tashlab qochgan insonlar soni 700 mingdan ortiq demoqdalar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02