Tojikistonlik tadqiqotchi Aleksandr Sodiqov Kanadaga yetib borgan

Tojikistonlik blogger va universitet tadqiqotchisi Aleksandr Sodiqovga Tojikistondan chiqib ketishga ruxsat berilgan va 11 sentyabr kuni u Kanadaga yetib borgan.

Bu haqda uning qarindoshlari va safdoshlari xabar qilganlar.

Toronto Universitetida tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanib kelgan Aleksandr Sodiqov "Global Voices Online" ijtimoiy matbuot sahifasining Markaziy Osiyo bo‘limi moderatori bo‘lib, uning maqola va bloglari "Tajikistan Monitor" websahifasida mutassil ravishda nashr qilib kelingan.

U Britaniyadagi Ekzeter Universitetining inqirozlarga bag‘ishlangan loyihasi doirasida Tojikistonning Tog‘li Badaxshon viloyatidagi zo‘ravonliklar bilan bog‘liq hodisalarni o‘rganayotgan payti Xorug‘ shahrida 16 iyun kuni hibsga olingan, Tojikiston xavfsizlik xizmati uni josuslikda ayblab bayonot tarqatgan.

Bundan oldin - may oyida Tog‘li Badaxshon markazi Xorug‘ shahrida politsiya bilan bir necha xorug‘lik o‘rtasida bo‘lib o‘tgan otishmada bir politsiya zobiti doxil uch kishi halok bo‘lgan, besh kishi yaralangan.

Shundan keyin mahalliy aholi politsiya va markaziy hukumat amallariga qarshi norozilik namoyishlariga chiqib, politsiya idorasiga o‘t qo‘ygan.

Xorug‘da bundan avval ham qurolli to‘qnashuvlar va taniqli shaxs, marakaziy hukumatga bo‘ysunmasligi aytilgan sobiq dala qo‘mondonlarining o‘ldirilishi ro‘y berib kelgan.

Xorug‘ va Dushanbedagi hukumat o‘rtasida munosabatlar hamisha tarang bo‘lib kelgan.

Ana shu hodisalarni o‘rganish maqsadida Xorug‘da muxolif partiyaning mahalliy faoli bilan uchrashib turgan paytida Aleksandr Sodiqov hibsga olingan.

Tojikiston Xavfsizlik Qo‘mitasi uni Dushanbedagi xorijiy davlat elchixonalaridan biridan maxsus vazifani bajarish uchun ko‘rsatma va moliya olganlikda ayblagan.

Bir oy hibsda ushlab turilganidan keyin Aleksandr Sodiqov mamlakatni tark etmaslik haqidagi tilxat evaziga qo‘yib yuborilgandi.

Yaqinlariga ko‘ra, Aleksandr Sodiqovga 9 sentyabr kuni Tojikistondan chiqib ketishga ruxsat berilgan.

Uning ilmiy rahbari Jon Hezershou aytishicha, bu Aleksandr Sodiqovga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bekor qilinganini anglatishi mumkin.

"Agar sizni kimnidir josuslik, vatanga xiyonatga o‘xshagan bandlar bilan ayblagan bo‘lsangiz, bu odamning mamlakatni tark etishiga ruxsat bermaysiz. Ruxsat berish mumkin, qachonki jinoyat amalda ishi to‘xtatilgan bo‘lsa", deb aytdi Jon Hezershou BBC bilan suhbatda.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02